Litvada Oʻzbekiston savdo uyi ochiladi

23:18 10 May 2024 Jamiyat
331 0

Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi delegatsiyasi Litvaga amaliy safari davomida Klaypeda shahridagi “BEGA” kompaniyasi rahbari Laymonas Rimkus bilan uchrashdi.

Laymonas Rimkus bugungi kunda Oʻzbekiston iqtisodiyoti har tomonlama rivojlanayotganini, shuningdek, dunyodagi mahsulotlarga mos ravishda raqobatbardosh milliy tovarlar ishlab chiqarilayotganini eʼtirof etdi. “Oʻzbekistonning Yevropa mamlakatlariga amalga oshirilayotgan eksport hajmi tobora oshib borayotganini inobatga olib, Litva kompaniyalari oʻzbek tadbirkorlari bilan aloqalarni rivojlantirishga katta qiziqish bildirmoqda. Shuningdek, Latviya va Litva davlatlari orqali Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga oʻtayotgan oʻzbek mahsulotlarining eksport hajmi ham oshib borayapti”, dedi u.

“BEGA” kompaniyasining imkoniyatlari bilan tanishish chogʻida korxonada barcha zarur port infratuzilmasi yaratilgani, kimyo, oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va boshqa turdagi yuk mahsulotlarini tashish va toʻplash uchun zamonaviy avtomatlashtirilgan texnologiyalari mavjud ekanligi maʼlum boʻldi.

Bundan tashqari, kompaniya joylashgan maydon 4 gektardan ortiq, temir yoʻlga ulangan va Oʻzbekistondan keladigan barcha transportlarga qisqa muddatda xizmat koʻrsata olish imkoniyatiga ega.

Muzokaralar davomida kompaniya omborlari va tashkil etilayotgan Oʻzbekiston savdo uyining binosini ijaraga olishning tartiblari, qonuniy jihatlari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida joriy yilning 24-27-may kunlari Klaypeda shahrida Oʻzbekiston savdo uyini rasmiy ochilish marosimini oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishildi.

“BEGA” kompaniyasi 1992-yili tashkil etilgan. Kompaniya yuk tashish, yuklash va tushirish, vaqtincha saqlash xizmatlarini koʻrsatadigan Boltiqboʻyidagi yirik zamonaviy port korxonalardan biri hisoblanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер