Kyudzo Kato va qadim Surxon vohasi buddaviylik merosi
Foto: Халқ сўзи
Termiz shahrida Turizm va madaniy meros vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi hamda Termiz arxeologiya muzeyi hamkorligida yaponiyalik olim Kyudzo Kato tavalludining 100-yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan xalqaro konferensiya ana shunday nomlandi. Unda Oʻzbekiston va Yaponiya davlatlarining arxeolog hamda tarixchi olimlari, ilmiy tadqiqotchilar, soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Xalqaro konferensiya ishida onlayn ishtirok etgan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, turizm va madaniy meros vaziri A.Abduhakimov oʻzbek va yapon xalqlari doʻstligini yanada mustahkamlash, Oʻzbekistonni dunyoga tanitishda Kyudzo Katoning xizmatlari beqiyos ekanini taʼkidladi.
Shuningdek, anjumanda Yaponiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi maslahatchisi Toda Shinsuke, “Yaponiya-Oʻzbekiston” doʻstlik assotsiatsiyasi prezidenti oʻrinbosari Fumixilko Kato, Nagoyo universitetining Oʻzbekistondagi vakili Imamura Yeiichi, Kyudzo Katoning rafiqasi Sadoko Kato xonim, Sharq falsafasi instituti nashriyot boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Kavasaki Kenzo va boshqalar Soka universiteti professori, Oʻzbekistonning “Doʻstlik” va “Shuhrat” ordenlari sohibi, Termiz shahrining faxriy fuqarosi Kyudzo Katoning Oʻzbekiston janubidagi yirik arxeologik ekspeditsiyadagi faoliyati, olimning serqirra qobiliyati haqida fikr bildirdi.

Qayd etilganidek, Kyudzo Kato ilk marta 1963-yili Oʻrta Osiyo hududlarini tomosha qilishga kelgan. Shu tariqa Oʻrta Osiyo tarixini oʻrganishga qiziqa boshlagan. Natijada Buyuk Ipak yoʻli boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borishga kirishdi. Ayniqsa, insoniyat taraqqiyoti u qadar rivojlanmagan bir zamonda Buyuk Ipak yoʻlidek yirik tarmoq deyarli butun Yevrosiyo hududini yagona bir oʻq atrofida birlashtirish hodisasi professorni oʻziga rom etdi. Shu istak va intilish 1965-yili chop etgan “Buyuk Ipak yoʻli chorrahalarida” nomli ilk kitobiga mavzu boʻldi.
Surxondaryoliklar uchun qadrdon doʻstga aylangan Kyudzo Kato arxeolog sifatidagi faoliyatini Shoʻrchi tumanidagi Dalvarzintepa arxeologik yodgorligida boshlagan. 1984-1994-yillarda Dalvarzintepa yodgorligidagi ilmiy tadqiqot, qazuv ishlarida faollik koʻrsatdi. 1994-yildan 2016-yil avgustigacha Eski Termizda joylashgan Qoratepa arxeologik yodgorligida ilmiy qazuv ishlarini olib bordi. Soka universitetida ishlagan kezlari insoniyat tarixida eng noyob hodisalardan boʻlgan Buyuk Ipak yoʻli va uning tarixiga qiziquvchilar uchun “Oʻrta Osiyo hayotida Buyuk Ipak yoʻlining oʻrni” nomli toʻgarak ham tashkil etdi. Bundan koʻzlangan maqsad Buyuk Ipak yoʻli orqali savdo, ilm-fan va tarixni oʻrganishgina emas, balki insoniyat tarixidagi ana shunday global hodisaning Yaponiya bilan aloqasini tadqiq etishga qaratilgan edi.
Olim faoliyatining yana bir muhim jihati – yetuk jurnalist, tadqiqotchi va tarjimon sifatida mamlakatimiz tarixi hamda bugungi hayotini targʻib qilishga oʻz asarlari bilan katta hissa qoʻshdi.

— Surxondaryo viloyati tarixini oʻrganishda Kyudzo Katoning ilmiy arxeologik faoliyati muhim oʻringa ega. Qariyb 30 yil davomida voha hududidagi Dalvarzintepa, Eski Termiz va Qoratepa singari yodgorliklarda ish olib borgan oʻzbek-yapon ekspeditsiyasining faol aʼzosi sifatida Kyudzo Kato Termizning faxriy fuqarosi boʻldi. Uning vafotidan soʻng nomi abadiylashtirilib, Shoʻrchi tumanidagi 43-umumtaʼlim maktabiga Kyudzo Kato nomi berildi, u yashagan xonadon uy-muzeyiga aylantirildi. Termiz arxeologiya muzeyida olim hayoti va ijodi haqidagi doimiy ish olib boruvchi koʻrgazma tashkil etilgan. Umuman aytganda, umrining chorak qismini Surxondaryo tarixini oʻrganishga bagʻishlagan olim oʻz navbatida oʻzbek-yapon xalqlarining oʻzaro doʻstona va madaniy aloqalarini mustahkamlashga katta hissa qoʻshgani tahsinga sazovor, — deydi Surxondaryo viloyat turizm va madaniy meros boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Zebiniso Alimardonova.
Xalqaro konferensiya doirasida Termiz arxeologiya muzeyida “Surxon diyoriga mehr qoʻygan yapon farzandi” nomli koʻrgazma ochildi.
Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring