Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari koʻzdan kechirildi
Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Shu kunlarda respublikamizda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari yakuniga yetdi. Xoʻsh, bu borada Andijon viloyatida qanday ishlar amalga oshirildi?
Poytaxtdan tashrif buyurgan ishchi guruhi aʼzolari manzillarda boʻlib, aholini toza ichimlik suvi, tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Oltinkoʻl tumanidagi “Markaz” MFYda joylashgan 13 ta koʻp qavatli uylarda yashovchi aholi tabiiy gaz taʼminotidagi uzilishlardan qiynalib kelayotgandi.


– Hovlida tabiiy gaz taʼminoti mavjud boʻlmaganda uning muqobil turidan foydalanish imkoniyati bor. Koʻp qavatli uylarda buning iloji yoʻq, – deydi MFY raisi Qudratbek Muqimov. – Aholi mavsumda koʻmir yoqib, kun koʻrayotgandi. Ishchi guruh xonadonlarda boʻlib, aholi bilan yuzma-yuz muloqoti jarayonida bu muammoga ham yechim topildi. Hozirda 850 metr yangi gaz quvuri tortilmoqda.
Shuningdek, Asaka tumanidagi “Istiqlol”, “Nurafshon”, Marhamat tumanidagi “Markaziy” MFYlarida ham tabiiy gaz bilan bogʻliq muammolar bartaraf etildi.
Bu kabi saʼy-harakatlar elektr taʼminoti sohasida ham davom etdi. Natijada Marhamat tumanidagi 9 ta mahallada mavjud muammolar ijobiy yechim topdi. Bunga 8,1 km. yangi tarmoq tortish, 2 ta transformator punktlari oʻrnatish orqali erishildi. Andijon tumanidagi sanoat hududida yakuniga yetkazilmagan elektrlash jarayoni ham ishchi guruh tashabbusi qayta jadallashdi. Natijada 7 km. tarmoq tortilib, 1 ta yuqori kuchlanishli podstansiya qurilishiga kirishildi.
Ishchi guruhining Paxtaobod tumanidagi faoliyati ham samarali kechdi. 25 ta mahallaning mavsumga tayyorgarligini sifatli amalga oshirish maqsadida 30,9 km. elektr uzatish tarmoqlari tortilib, 4 ta transformator ishga tushirildi. Baliqchi tumanidagi elektr podstansiyasida olib borilgan tayyorgarlik ishlari Ulugʻnor, Baliqchi tumanlarida yashovchi aholining elektr taʼminoti sifati yanada yaxshilandi.


Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring