Kuvaytda Oʻzbekistonning amaliy bezak sanʼati va sayyohlik salohiyati taqdim etildi
Tadbirda Kuvaytdagi “Expo 965 Team for Heritage & Crafts” guruhiga kiruvchi mahalliy hunarmandlar bilan bir qatorda mamlakatdagi diplomatiya vakolatxonalari ham oʻz koʻrgazmalari bilan ishtirok etdi.
Kuvaytliklar Oʻzbekiston elchixonasi tomonidan tashkil etilgan koʻrgazmada mamlakatimizdagi hunarmandchilik va kashtachilik namunalari hamda respublikamizning tarixiy meʼmoriy yodgorliklari haqida hikoya qiluvchi albom va bukletlar bilan tanishdilar. Tadbir ishtirokchilari milliy taomlardan tatib koʻrishga ham taklif etildi.
Oʻzbekiston stendi bilan tanishgan Kuvaytdagi rasmiy doiralar vakillari, soha mutaxassislari koʻp asrlik tarixiy merosga ega mamlakatimiz xalqining amaliy sanʼati nafis va betakrorligi bilan dunyoga mashhurligini taʼkidladilar.
Kuvayt sanʼat kolleji professori, Butunjahon Hunarmandlar kengashi aʼzosi Ali al-Najada mamlakatimizga safari chogʻida oʻzbek amaliy bezak sanʼatining koʻlami juda kengligiga shohid boʻlgani, ularining oʻziga xos yaratish texnologiyalarini katta qiziqish bilan oʻrganganini soʻzlab berdi.
Kuvaytlik hunarmand, shuningdek, Oʻzbekiston rahbariyati tomonidan mahalliy hunarmandlar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotgani, oʻzbek xalqining milliy qadriyatlarini saqlash, uning qadimiy anʼanalarini tiklash borasida respublikada amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi.
Kuvaytdagi “CompassKw” sayyohlik kompaniyasi Bosh direktori Josim Abbos Oʻzbekiston stendida namoyish etilgan milliy sanʼat asarlaridan namunalar hamda qadimiy Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlaridagi meʼmoriy yodgorliklar koʻplab tadbir ishtirokchilarini yurtimizga chorlaganini aytdi. U, shuningdek, kompaniya xizmatlaridan foydalanuvchi kuvaytliklar oʻrtasida Oʻzbekiston sayyohlik salohiyatini targʻib etish boʻyicha ishlar yanada jadallashtirilishini ham maʼlum qildi.
Yarmarka ishtirokchilariga Kuvayt-Toshkent, Kuvayt-Namangan, Kuvayt-Samarqand yoʻnalishlarida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilgani, kuvaytliklar uchun 10 kunlik vizasiz rejimi joriy etilgani ikki davlat oʻrtasida turizm sohasini rivojlantirish nuqtayi nazaridan katta imkoniyatlarni ochib bergani maʼlum qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring