Kun.uz sayti jarimaga tortildi

14:42 22 Iyun 2021 Jamiyat
1058 0

Kun.uz sayti maʼmuriy ish doirasida jarimaga tortildi. Bu haqda nashr oʻz saytida maʼlum qildi.

Qayd qilinishicha, 21-iyun kuni jinoyat ishlari boʻyicha Chilonzor tuman sudida Kun.uz saytida eʼlon qilingan turkum materiallar dinshunoslik ekspertizasidan oʻtkazilmaganligi bilan bogʻliq maʼmuriy ish koʻrib chiqilgan.

Ichki ishlar vazirligi terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan internet-monitoring kuzatuv tadbirlari davomida Kun.uz sayti tomonidan diniy mazmundagi maqolalar joylashtirib kelingani aniqlangan.

Monitoringda aniqlangan bir qancha materiallar IIV xodimlarining gumoniga sabab boʻlgan va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaga ekspertiza oʻtkazish uchun yuborilgan.

Ekspertiza taqdim qilgan xulosada yuqoridagi materiallarda Oʻzbekistonning amaldagi davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda oʻzgartirishga, hokimiyatni bosib olishga daʼvatlar mavjud emasligi, Islom davlati qurish va xalifalik boshqaruvini joriy etishga qaratilgan daʼvatlar mavjud emasligi, ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik yoki mutaassiblik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilmaganligi, fuqarolar oʻrtasidagi totuvlikni buzish, tuhmatona, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar, milliy, irqiy, etnik va diniy adovatni targʻib qiluvchi maʼlumotlar mavjud emasligi koʻrsatilgan. Lekin, ekspertning fikriga koʻra, nashr eʼlon qilgan xabarlarning birini tarqatish taqiqlangan.

Mazkur materiallar Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-yanvardagi “Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish sohasidagi faoliyatni amalga oshirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 10-sonli qarori talablariga zid ravishda tayyorlanganligi sababli Oʻzbekiston hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanishi qayd etilgan.

Yuqoridagi ekspert xulosalari asosida boʻlib oʻtgan maʼmuriy sudda Kun.uz rahbari Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 184-2-moddasida (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topildi va u bazaviy hisoblash miqdorining ellik barobari (12 mln 250 ming soʻm) miqdorida jarimaga tortildi.

“Albatta, Kun.uz avvalo mamlakatda qonunlarga barcha birdek rioya etishga masʼul ekanligini eʼtirof etgan holda, kelgusida diniy mavzudagi har qanday materiallar va xabarlar Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning dinshunoslik ekspertizasidan oʻtkazibgina berib borilishini maʼlum qiladi”, deyiladi nashr tarqatgan xabarda.

Kun.uz nashri rahbarining jarimaga tortilgani aytilgan mazkur xabar eʼlon qilingandan (kecha, 21-iyun, 20:42) soʻng nashr oʻz saytida materiallar eʼlon qilishni toʻxtatdi. Bugun 22-iyun kun davomida tahririyat birorta material eʼlon qilmadi. Bu esa tahririyatning oʻziga xos, noodatiy norozilik koʻrinishi deya baholanmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер