“Kunduzgi qarab turish” markazi sharofati bilan hayotga qaytdim”
Ikki yilcha muqaddam Buxoro tumanidagi “Qavola Mahmud” mahallasida yashovchi Ahtam Hamidov sogʻligini yoʻqotib qoʻydi. Qoʻl-oyogʻi ishlamay toʻshakka butkul mixlanib qoldi. Bemorning ahvolidan xabar topgan mahalla ijtimoiy xodimi unga “Kunduzgi qarab turish” markazi xizmatidan foydalanish taklifini berdi.
— Bir necha oylik mashgʻulotlar natijasida qoʻltiqtayoqda boʻlsa ham, koʻchaga kirib-chiqadigan, oʻz-oʻzimni eplay oladigan darajaga yetdim, — deydi vaucher asosida markazga qatnay boshlagan Ahtam aka. — Ochigʻi, ruhan tushkun ahvolda edim. Turmushimdagi bu oʻzgarish meni hayotga qaytardi.
Shu tariqa bir yurtdoshimizning ertangi kunga ishonchi mustahkamlandi. Uning parvarishi bilan mashgʻul oila aʼzolari uchun ham qulaylik yuzaga keldi. Endi ular ish bilan band boʻlishlari, roʻzgʻor kam-u koʻstini toʻldirishlari mumkin.
Ahtam aka najot topgan markaz tumandagi “Rabotak” mahallasida joylashgan. Unda 18 yoshdan katta, parvarishga muhtoj fuqarolarga xizmat koʻrsatiladi. Tadbirkor Roʻzi Xidirov tashabbusi bilan tashkil etilgan markazda Yaponiya tajribasi asosida zamonaviy parvarish va reabilitatsiya usullari amaliyotga tatbiq qilingan. Natijada xizmat oluvchilarning sogʻligʻida sezilarli ijobiy oʻzgarishlar kuzatilmoqda. Tadbirkorning taʼkidlashicha, markazning asosiy maqsadi — parvarishlash va guruhli retraksion mashgʻulotlar orqali fuqaroning ruhiy holatiga taʼsir qilish, uni mustaqil hayotga tayyorlash, turmush sifatini yaxshilashdan iborat.
Darhaqiqat, “Kunduzgi qarab turish markazi” Buxoro tumanidagi parvarishga muhtoj fuqarolar uchun yangi imkoniyatlar yaratyapti. Zamonaviy metodikalar va doimiy qoʻllab-quvvatlash markaz xizmatidan foydalanuvchilarning sogʻligʻini yaxshilabgina qolmay, ularning oʻzlariga boʻlgan ishonchini ham mustahkamlamoqda.
Zarnigor NAFIDDINOVA,
Ijtimoiy himoya milliy agentligi
Buxoro viloyati boshqarmasi matbuot kotibi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring