Kundai juvozda hayot qaynamoqda

17:01 27 Fevral 2025 Jamiyat
263 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida Kundai juvoz degan moʻjazgina qishloq bor. “Toʻpalang” suv omborining kun chiqar tarafidagi Hisor togʻ tizmalari bagʻrida joylashgan bu qishloq oʻzining xushmanzara tabiati va samimiy insonlari bilan mashhur.

Tuman markazidan 55 kilometr uzoqlikda joylashgan Kundai juvozda atigi 46 ta xonadon mavjud. Bu yerlik kam sonli aholi haqiqiy etnik turmush tarzini saqlab qolgan. Togʻlar qoʻynidan boʻy koʻrsatgan qishloqning havosi musaffo, tabiati betakror, mevalari totli, odamlari tanti va mehmondoʻst. Bu yerga kelgan kishining bahri dili yayraydi. Yaqingacha togʻ qishlogʻida avtomobil yoʻli boʻlmagan. Qishloqqa yetib borish uchun “Toʻpalang” suv ombori orqali motorli qayiqlarda 11 kilometr yoʻl bosilgach, quruqlikka chiqib, u yogʻiga faqat ot-ulovda yoki yayov borilardi. Ayollari oʻchoqqa olov yoqib, taom pishirgan, choy qaynatgan. Plikli chiroqlar, sham yorugʻligida hayot kechirilgan. Lekin shu kungacha hech kim turmushidan nolimagan. Boriga shukur qilib, chogʻroq turmushidan quvonch topib yashagan.

Inson qadri ulugʻlanayotgan Yangi Oʻzbekistonda aholi turmush darajasini yuksaltirishga qaratilayotgan eʼtibor yurtimizdagi ana shunday borish qiyin boʻlgan chekka togʻli hududlardagi kam sonli aholi yashaydigan maskanlarni ham qamrab olmoqda.

— Yoshim yetmishdan oshdi. Ota-bobolarim ham shu qishloqda yashagan, — deydi qishloq nuroniysi Abduqodir Halimov. — Hech kimni turmushidan shikoyatini eshitmaganman. Chunki bu yerda biror yangilik qilish ilojsiz, deb bilardik-da. Tuman markaziga borish uchun soʻqmoq yoʻllardan, tubsiz jarlik va daralardan ulovda yurardik. Oldiniga Davlatimiz rahbari suv ombori orqali motorli qayiqlarda yurishimizga ruxsat berdi. Bu manzilimizni ancha yaqin qildi. Undan keyin qishloqqa suyultirilgan gaz ballonlarini yetkazib berish yoʻlga qoʻyildi. Biz ham gazdan foydalanamiz, degan fikrni xayolimizga ham keltirolmasdik. Yurtboshimizning topshirigʻi bilan togʻ-u qiyaliklar oshib avtomobil yoʻli barpo etilgani, ochigʻi, bizni hayron qoldirdi. Bugun gaz balonlarini mashinada uyma-uy tarqatishyapti. Qishlogʻimizga yengil mashinalarda kelinyapti. Xonadon egalari zamonaviy mashinalar xarid qilyapti.

Qishloq manzaralari va odamlarning hayot-tarzidan ham hayratlanarlisi bu olis togʻ qishlogʻiga qisqa vaqtda zamonaviy hayotning barcha qulayliklari birin-ketin yetib kelmoqda. Qishloqdagi mavjud 46 ta uyning har birida quyosh panellari oʻrnatilgan. Aholi oʻz ehtiyojiga qarab, muqobil energiyadan foydalanyapti.

— Kundai juvoz “Turmushobod” mahallasi tarkibidagi qishloqlardan biri, — deydi mahalla raisi Husnatillo Komilov. — Bu yerda 202 ta aholimiz bor. Ularga bir nafar hamshira xizmat koʻrsatadi. Maktab ham shu yerning oʻzida — 46-maktabda farzandlarimiz tahsil oladi. Kundai juvozliklar tabiatan ilmli, kitobsevar xalq. Ilmga chanqoq yoshlarimiz koʻp. Bu yerda kamol topgan ziyolilarimizdan faxrlanamiz. Qishloq aholisi asosan chorvachilik, dehqonchilik bilan shugʻullanadi. Avtomobil yoʻlining barpo etilgani qishloq aholisining farovonligini yanada oshiradi. Endi hech bir qiyinchiliklarsiz oʻz mahsulotlarini bozorlarga olib chiqadi. Eng muhimi, qishloq aholisining turmush sharoiti yaxshilangani odamlarning togʻ qoʻynidagi yashil boyliklarga munosabatini ham oʻzgartirdi. Daraxtlar, atrofga tarovat bagʻishlab turgan archalarning oʻtin sifatida yoqib yuborilishiga chek qoʻyildi.

Sivilizatsiyadan uzilib qolgan xushmanzara Kundai juvoz kabi bu yerdagi Xushxabar, Karsh va Vochak togʻ qishloqlariga eltuvchi avtomobil yoʻlining barpo etilgani yaqin kelajakda yangi rivojlangan turizm obyektiga aylanishiga hech shubha yoʻq.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер