Kozim TOJIYEV: YEOIIda kuzatuvchilik maqomining afzalliklari qanday?
Ushbu muhokamalar jarayonida Qonunchilik palatasi deputatlari ham faol ishtirok etmoqda. YEOII bilan hamkorlik masalasida bir toʻxtamga kelish deputatlar zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi.
Albatta, mamlakatimizning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik qilishi faqat iqtisodiy manfaatlarga xizmat qilib, davlatimizning xalqaro va mintaqaviy iqtisodiy tashkilotlarda oʻz oʻrniga ega boʻlishini bildiradi.
Bu jihat eng avvalo mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirish, eksport salohiyatini oshirish, yangi texnologiyalar va investitsiyalarni jalb etish, shuningdek, iqtisodiy integratsiyaning kengayishi, xalqaro bozorda muloqot va raqobatga tayyor boʻlish darajasini oshiradi.
Bu borada bildirilayotgan turli fikr va mulohazalarda Oʻzbekistonning YEOIIda kuzatuvchi maqomiga ega boʻlishi maqsadga muvofiq ekanligi taʼkidlanmoqda.
Fikrimizcha, kuzatuvchilik maqomi YEOIIning ishlash mexanizmlari va iqtisodiy afzalliklari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Shuningdek, mahsulot sifatiga qoʻyiladigan talablarni, YEOII hududida ishlatiladigan fitosanitariya va boshqa standartlarni yaxshiroq oʻrganishga zamin yaratadi.
Maʼlumot oʻrnida, kuzatuvchi maqomini olgan davlat YEOII qarorgohiga doimiy vakilini yuboradi. Ushbu shaxs kuzatuvchi mamlakat nomidan YEOII va uning organlari bilan doimiy aloqada boʻlish huquqiga ega boʻladi. Doimiy vakil kuzatuvchi davlatning tegishli organlari bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, texnik, bojxona, sanitariya va fitosanitariya qoidalarini tartibga solish, YEOII vakolatiga kiradigan boshqa masalalar boʻyicha doimiy aloqalarni oʻrnatish va qoʻllab-quvvatlashga hamda barcha sohalarda muloqot va hamkorlikka koʻmaklashadi.
Hamkorlikning eng oddiy formati boʻlgan kuzatuvchilik maqomida turish mamlakatimizning iqtisodiy manfaatlariga mos keladi.
Kuzatuvchi maqomi orqali aʼzo davlatlar bilan barcha sohalar boʻyicha munozaralarda qatnashish, asosli qarorlar qabul qilish va iqtisodiy siyosatga zarur oʻzgartirishlar kiritish hamda YEOII mamlakatlari bilan yana-da konstruktiv muloqot oʻrnatish mamlakatimizga kelgusida YEOIIga aʼzo boʻlish yoki boʻlmaslik strategiyasini ishlab chiqish sharoitini yaratadi.
Bundan tashqari, kuzatuvchilik maqomi bilan biznes vakillari YEOII tadbirlarida yana-da faol ishtirok etish, shu jumladan davlat rahbarlari, ekspertlarning makroiqtisodiy siyosat boʻyicha maslahatlashuvlarida qatnashish huquqi oshadi.
Umuman olganda, YEOII bilan kuzatuvchi maqomida hamkorlik qilish integratsiya jarayonlari, yutuqlar, muammolar va kelgusidagi rivojlanish istiqbollari toʻgʻrisida qimmatli xulosalar chiqarishga imkon yaratadi.
Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, boʻlib oʻtayotgan keng va qizgʻin muhokamalarda turli fikrlar bildirilmoqda, bir birini inkor etuvchi pozitsiyalar ham ilgari surilmoqda.
Albatta, bunday bahs-munozaralar oʻz navbatida YEOII bilan hamkorlik masalasida bir qarorga kelishga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Kozim TOJIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzMTDP fraksiyasi aʼzosi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring