Koʻzi ojizlar kutubxonasi jamiyat bilan muloqotga yordam beradi
Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Bugun koʻrish imkoniyati cheklanganlar hayoti yaxshilanmoqda. Har jabhada imkoniyat yaratilib, taʼlim, ijtimoiy sohalarda qoʻllab-quvvatlanib kelinmoqda. Yurtimizda yuzlab maxsus koʻzi ojizlar kutubxonasi faoliyat koʻrsatayotgani bilim olish huquqi bilan ham taʼminlaydi.
Davlatimiz rahbari Surxondaryo viloyatiga tashrifida koʻzi ojizlar maxsus kutubxonasining yangi binosini qurish loyihasi bilan tanishib, uni maʼqulladi. Ushbu xayrli ishni amalga oshirishga tezda kirishildi. Kutubxona uchun yangi zamonaviy bino qurish boʻyicha loyiha hujjatlari ishlab chiqildi. Qisqa vaqtda 5,2 milliard soʻmlik loyiha doirasida zamonaviy koʻzi ojizlar uchun barcha qulayliklarga ega bino qurilib bitkazildi. Joriy yilda mazkur kutubxona foydalanishga topshirildi. Kutubxonaga mahalliy byudjetdan 200 million soʻm mablagʻ ajratilib, Brayl alifbosidagi kitoblar, audio kitoblar jamlamasi berildi. Har bir maxsus xona zamonaviy kompyuter vositalari bilan taʼminlandi. Koʻzi ojizlar uchun maxsus dasturlar asosida ishlovchi texnik jihozlar oʻrnatildi. Endilikda koʻzi ojizlar dasturlar orqali maxsus uskuna va kompyuterlarda mustaqil ishlash imkoniyatiga ega.

— Kutubxona Termiz shahrida faoliyat boshlaganiga 40-yil boʻlgan. Shu yillar davomida bir necha joyga koʻchdi, — deydi viloyat koʻzi ojizlar maxsus kutubxonasi direktori Husan Islomqulov. — Bu ogʻir sharoit nafaqat koʻrish qobiliyati cheklanganlarga, balki xodimlarga ham noqulaylik tugʻdirib kelayotgandi. Hozir kutubxonamizga kelish imkoni boʻlmagan shaxslar uchun uyga kitob eltib berish, ovozli oʻqishlar xizmati yoʻlga qoʻyilgan. Respublikada birinchi boʻlib Brayl alifbosidagi boʻrtma matnli adabiyotlarni chop etish mini pitografiya, audio formatdagi adabiyotlar nashr qiluvchi ovoz yozish studiyasi tashkil qilindi. Kutubxonamizning 13 ta hududda filiallari mavjud. Ularning har birida fan, kompyuter toʻgaraklari tashkil qilindi.
Dilfuza Chorshanbiyeva bu yorugʻ olamni Brayl yozuvidagi kitoblar orqali anglaydi. Hayotda izlaganlarining barchasini kutubxonadan topdi.

— Kutubxonaga uzoq yillardan beri qatnayman. Koʻp adabiyotlarni qidirib sarson boʻlardim, — deydi Termiz Davlat universiteti magistri Dilfuza Chorshanbiyeva. — Hozir istagan kitobim topiladi. Mualliflar, kitoblar, janrlarga qarab tanlash imkoniyati bor. Kelajakda malakali muallim boʻlib, koʻrish qobiliyati cheklanganlarga tahsil berishni maqsad qilganman.
Ziyo maskanida sogʻlom fuqarolarga ham kitob mutolaa qilishi, toʻgaraklarda qatnashi uchun imkoniyatlar yaratilgan. Ijodiy uyushmalar bilan hamkorlikda “Eng yaxshi mutaxassis”, “Eng faol kitobxon”, “Brayl yozuvida tez yozish va ifodali oʻqish”, “Eng yaxshi kitobxon oila” tanlovlari oʻtkazilib kelinmoqda. Kutubxona Madaniyat vazirligi tomonidan oʻtkazilgan “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” madaniyat va sanʼat milliy mukofotining “Aholiga xizmat qilgan yilning eng yaxshi kutubxonasi” nominatsiyasi boʻyicha gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring