Koronavirusga chalingan bemorlar qanday oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilishi kerak? — dolzarb savollarga aniq javoblar

13:02 02 Oktyabr 2020 Jamiyat
1820 0

Bugun AOKA zalida Koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzosi Barno Abdusamatova ishtirokida oʻtkazilgan brifingda aholidan tushayotgan savollarga javob qaytarildi.

Savol: Turmush oʻrtogʻim koronovirus bilan kasallanib, shifokor nazorati ostida uyda davolanmoqda. Koronavirusga chalingan bemorlar qanday oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilishi kerak?

Javob:  COVID-19 bilan kasallanganlar uchun taomlar yengil hazm boʻladigan, vitamin, mikroelement va oqsilga boy boʻlishi kerak.

Taomlarni kichik hajmda barra salat va koʻkatlar bilan birga isteʼmol qilish tavsiya etiladi. 

Bular — qaynatma shoʻrvalar, qiyma goʻshtlaridan tayyorlangan kotletlar, teftellar, frikadelkalar, baliq goʻshti, tvorog, suvda qaynatib chala pishirilgan tuxum, dukkaklilardan tayyorlangan suyuq taomlar, arpa boʻtqalari. 

Shuningdek, koʻp miqdorda suyuqlik ichilishi maqsadga muvofiq. Turli meva sharbatlari, kompotlar, koʻk choy, limon, smorodina, zanjabil, asal va malina choylari shular jumlasidan.

Savol: Men kasal boʻlib oʻtganimni bilganim yoʻq. Lekin espress test qon taxlilini topshirganimda antitanachalar chiqdi. Antitanachalar — takroran kasallanmaslik uchun kafolat boʻla oladimi?

Javob:  Hammasini oldindan bilishning imkoni yoʻq.

Antitanachalar mavjudligi har doim ham toʻliq himoyani taʼminlamaydi, chunki neytrallovchi antitanachalar, ularning himoya titri va immunitetning turgʻunligi kabi tushunchalar ham mavjud.

Bitta shtamm bilan takroran kasallanish holatlari haqida hozircha dunyoda, hech qayerda maʼlumot eʼlon qilinmadi. Bu, oʻz navbatida, ushbu virusga qarshi immunitet ishlashidan dalolat beradi. Ammo antitanachalarning kasallanib tuzalgan kishini aniq himoya qilish qobiliyati, kollektiv immunitet rivojlanishi kabi hodisalar hozircha oʻrganish va ilmiy tasdiqlanish bosqichida.

Tadqiqotlar natijalariga koʻra, koronavirus (SARS CoV-2) tuzilishi boʻyicha oldingi shtammga (SARS CoV) 85% oʻxshaydi. Bu — antitanachalar kishi kasallangan paytdan boshlab kamida 16 oygacha saqlanib turishi mumkinligi haqida taxmin qilishga asos boʻladi.

Kasallikning yengil va alomatsiz shakllari bundan mustasno, ularda antitanachalarning saqlanish davomiyligi hozirgi kunda dunyo olimlari tomonidan oʻrganilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер