Koronavirus pandemiyasining tugashi yaqin — JSST
Arxiv surat
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Gebreyesusning quyidagi bayonoti koʻpchilik uchun dalda beruvchi yangilik boʻldi.
Maʼlum qilinishicha, oʻtgan haftada dunyoda “COVID-19”dan vafot etganlar soni 5 — 11-sentyabr kunlariga nisbatan 22 foizga kamaygan. Bu 2020-yil martidan beri eng past koʻrsatkichdir.
Kasallikka chalinganlar soni ham 28 foizga pasaygan. Yaʼni, soʻnggi bir hafta ichida 3,1 milliondan ortiq odamda koronavirus aniqlangan, ulardan 11 mingga yaqini vafot etgan.
"Biz hech qachon pandemiyani tugatish pozitsiyasiga ega boʻlmaganmiz. Biz hali bunga erishganimiz yoʻq. Lekin uning yakunlanishi koʻrinib turibdi", deydi JSST rahbari.
Tahlillarga koʻra, infeksiyaning yuqishi bilan bogʻliq pasayishning asosiy dinamikasi Gʻarbiy Tinch okeani mintaqasi mamlakatlarida kuzatilgan — 36 foiz.
Yangi yuqtirish holatlari Afrikada 33, Amerikada 27, Yevropada 31 va Janubi-Sharqiy Osiyoda 25 foizga kamaygan. Kasallikdan oʻlimning oʻsishi faqat Afrika qitʼasi davlatlarida kuzatilgan — 10 foiz.
5 — 11-sentyabr kunlari virusni eng koʻp yuqtirish holatlari Yaponiyada qayd etildi — taxminan 538 ming kishi. Keyingi oʻrinda 436 mingga yaqin koʻrsatkich bilan Janubiy Koreya joy oldi. AQSH 430 000 dan ortiq yangi holatlar bilan uchinchi boʻldi.
Dunyoda "COVID-19"dan vafot etganlarning aksariyati AQSHda qayd etildi — 2306 kishi. Ikkinchi oʻrinda Yaponiya. Hafta davomida ushbu mamlakatda 1,6 mingdan ortiq odam ushbu infeksiya asoratlaridan vafot etdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring