Koronavirus begona goʻshadan reportaj. Yoxud olisdagi ovul ohanrabosi
Buxoro viloyatining eng chekka hududlari deganimizda beixtiyor koʻz oldimizga Ogʻitma, Churuq, Jongeldi kabi aholi punktlari gavdalanadi.Ular viloyat markazidan taxminan 150 – 220 kilometr olisda. Gʻijduvon, Shofirkon va Peshku tumanlariga qarashli ushbu maskanlar bepoyon Qizilqum sahrosi bagʻrida joylashgan. Ularda asosan,qozoq millatiga mansub aholi istiqomat qiladi. Muxbirimiz shu goʻshalarning biri — Churuq ovulida boʻlib, yurtdoshlarimizning turmush tarzi, orzu-oʻylari bilan tanishdi.
“Endi mening armonim yoʻq”
“Churuq” atamasi “bulogʻi koʻp joy”, “teshik” maʼnolarini anglatadi. Tabiatning moʻjizasini qarangki, togʻda emas, sahroning qoq bagʻrida yer ostidan buloq suvi chiqib turibdi. Shu suvdan ovulda yashovchi 40 xonadon bahramand. Umuman esa Churuqda 250 kishi yashamoqda. Sabit ogʻa — ularning eng keksasi. 80 yoshda. Turmush oʻrtogʻi Bozorgul aya bilan besh qiz, toʻrt oʻgʻilni oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazgan. Otaxonning hayoti — ibrat, har soʻzi — hikmat.
— Esimni tanibmanki, shu ovulda yashab kelyapman, bir umr choʻponlik qildim, — deydi u. — Daraxt ham bir joyda oʻsadi, deb bejiz aytishmagan. Sizga yolgʻon, menga chin, bu yerning ohanrabosi bor. Sal uzoqlashsam, sogʻinib qolaman. Choʻl havosidan toʻyib-toʻyib nafas olaman.
Ovulimiz tuprogʻi toshloq. Bir daraxt oʻstirmoqning turgan-bitgani mashaqqat. Ammo oʻgʻilbola bir gapni aytaman: men bir chinor kabi shu yerda ildiz otdim. Toʻqqiz nafar farzandim bor. Yaqinda abirali boʻldim. Shukr, shunday zamonni koʻrish nasib etdi. Endi armonim yoʻq. Sizga aytsam, Vatanimni yurakdan yaxshi koʻraman. Qayga bormay, davraning toʻriga oʻtqazib qoʻyishadi. Dasturxon boshida doimo «Yurt tinchligiga, turmushimiz farovonligiga koʻz tegmasin. Menday piru badavlat boʻlinglar», deb duo qilaman...
Sabit otaning aytganicha bor. Hozir ovulning shahardan kam joyi yoʻq. Xususan, keyingi bir yilda bu yerdagi turarjoylar zamonaviy qiyofa kasb etdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Shofirkon tuman Xalq qabulxonasi tomonidan aholi murojaatlari atroflicha oʻrganilib, toʻplanib qolgan bir qator muammolar hal qilindi. Hududda aloqa vositasi sifatini yaxshilash maqsadida “UZMOBILE” kompaniyasi antennasi oʻrnatildi. Elektr energiyasi taʼminoti yaxshilandi. Buloq suvining yaroqlilik darajasi oʻrganildi. Tuman hokimligi hamda korxona va tashkilotlar bilan hamkorlikda 43-oilaviy poliklinikaning “Churuq” filiali faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, 23-maktabgacha taʼlim tashkilotining filiali ochildi. Zarur oziq- ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon yetkazib berilmoqda. Darvoqe, biz ovulda boʻlgan kuni ham tuman hokimining oʻrinbosari Saidjon Hamroyev tomonidan oilaviy poliklinika filialiga kerakli tibbiy jihoz va dori-darmonlar topshirildi. Muhimi, bu goʻshaga koronavirus balosi yaqin kelgani yoʻq.

Maktab yetakchisi yoshlarga nega havas bilan qaraydi?
Ovuldagi 39-umumtaʼlim maktabida atigi 35 nafar oʻgʻil-qiz tahsil oladi. Maktab yetakchisi Gulshod Muslimova ularning har biriga havas bilan boqadi. Nega?
— Biz oʻqigan davrda bu yerdagi shart-sharoitlar tuzuk emasdi, — deydi u. — Eski maktab, almisoqdan qolgan partalar... Endi hammasi oʻzgardi. Bilim dargohimizni Xalq qabulxonasi, tuman hokimligi koʻmagida taʼmirlab berishdi. Ilgari dunyodan uzilib qolgandek edi. Internet aloqasi yoʻlga qoʻyildi. Endi jahonning istalgan goʻshasidagi kishi bilan muloqotga kirisha olamiz. Maktabning yangi binosi, sport zal, bogʻcha qurilishi dasturga kiritilgan. Hayal oʻtmay bu niyatlar ham roʻyobga chiqadi. Shunday ekan, ukalarimga havas qilmay boʻladimi?

Gulshodning aytganicha bor. U garchi, maktab yetakchisi boʻlsa-da, oʻqib- oʻrganishni, kasb malakasini oshirishni kanda qilmayapti. Shofirkon pedagogika kollejini tugatgach, Muxtor Avezov nomidagi Chimkent pedagogika instituti sirtqi boʻlimiga oʻqishga kirdi. Oilali. Bir oʻgʻil, bir qizi bor.
— Oʻzimni baxtli his etaman, — deydi u. — Kasbimni yaxshi koʻraman. Ishlash maroqli. Turmush oʻrtogʻim ovulimiz yaqinidagi toshni maydalashga ixtisoslashtirilgan korxonada mehnat qilyapti. Roʻzgʻorimiz but. Agar hayotidan mamnun million kishi boʻlsa, oʻshalarning biri albatta, menman...
Oqsoqol nima deydi?
— Qay bir xonadonga kirmang shu mazmundagi soʻzlarni eshitasiz, — deydi ovul oqsoqoli Beksavut Kanibekov. — Biz oʻzbek, tojik, rus, tatar kabi turli millat vakillarining umumiy uyi sanalgan Oʻzbekistonda tinch-totuv yashab kelayotganimizdan xursandmiz. Qizilrabot, Ogʻitma, Jongeldidagi birodarlarimiz bilan quda-andachiligimiz bor. Qozogʻistondagi yor-birodarlarimiz bilan mustahkam aloqadamiz. Milliy urf-odatlarimiz, anʼanalarimizni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylab kelyapmiz. Eng muhimi, davlatimiz, Prezidentimizning doimiy gʻamxoʻrligini his etib yashayapmiz. Ayniqsa, Xalq qabulxonasi koʻmagida amalga oshirilgan ishlar ovuldoshlarimizning ertangi kunga ishonchini mustahkamladi. Murojaatlarimizni tinglab, tashvishlarimizga sherik boʻlgan, ogʻirimizni yengil qilgan olijanob insonlardan minnatdormiz.

Aytmoqchi, ovuldagilarning asosiy tirikchiligi chorva bilan. Qaysi bir xonadonga kirmang, 50-60 bosh qoʻy-echkini koʻrasiz. Sahrodagi ”Gʻalaba” naslchilik xoʻjaligida koʻplab churuqliklar ishlashadi. Jamiyat hisobida 25 ming bosh qoʻy-echki, 180 bosh tuya bor. Keyingi paytda choʻpon-choʻliqlar ish sharoitini yaxshilash chora-tadbirlari koʻrilyapti. Choʻpon uylari yangilanmoqda. Otarlarda quduqlar qazilib, suv taʼminoti yaxshilanyapti. Hududdagi yer osti boyliklarini oʻrganish, ularni sanoat usulida ishlab chiqarish masalasi kun tartibiga qoʻyilmoqda. Bularning barchasi odamlarning oʻz turmushidan rozi boʻlib yashashi yoʻlidagi xayrli ishlar yurtimizning eng chekka goʻshalarini ham qamrab olib, xuddi Churuqdagi buloqdek qaynab-toshayotganini koʻrsatadi.
Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring