Korxona quyosh elektr stansiyasiga ega boʻldi
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Ichki va tashqi qurilish materiallari bozorida oʻz oʻrniga ega boʻlgan “KNAUF GIPS BUXORO” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxonasi jamoasi serquyosh zaminimiz imkoniyatlaridan oqilona foydalanishga qaratilgan loyihalardan birini amalga oshirdi. Kogon tumanida faoliyat yuritayotgan mazkur subyektda quyosh elektr stansiyasi foydalanishga topshirildi.
Stansiya 0,9 MVt quvvatga ega boʻlib, ikki gektar maydonda joylashgan. Korxona uni barpo etish uchun 1 million yevro qiymatida sarmoya sarfladi. Loyiha davlatimiz rahbarining qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora – tadbirlariga oid qaroriga muvofiq amalga oshirildi.

Korxona direktori D.Deripalkoning quyosh fotoelektr stansiyasi ochilishiga bagʻishlangan marosimda taʼkidlashicha, inshootda onlayn innovatsion nazorat tizimi ishlab chiqilgan. U energiya resurslaridan oʻrinli foydalanish, korxonada barqaror ish jarayonini taʼminlash imkonini beradi. Bundan tashqari, qurilma atrof – muhit muhofazasiga ham hissa qoʻshadi. Hisob – kitoblarga koʻra, yashil energetikaning yoʻlga qoʻyilishi tufayli atmosferaga chiqadigan zararli chiqindilar miqdori yiliga 940 tonnaga kamayadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring