Koreyalik hamkorlar ishtirokida Toshkent viloyatida tibbiyot yoʻnalishida istiqbolli loyiha amalga oshiriladi
Foto: “Xalq soʻzi”
Janubiy Koreyaning Geonggi-do muzofoti sogʻliqni saqlash va tibbiyot boshqarmasi rahbari Eom Woun Ja boshchiligidagi mutaxassislar guruhi Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev bilan uchrashdi.
Suhbatda Toshkent viloyati sogʻliqni saqlash tizimiga aholi salomatligini saqlash, tiklash va davolash uchun zamonaviy tibbiy xizmatlarni joriy etish boʻyicha oʻzaro fikr almashildi.
Koreyalik hamkorlar ilgari surgan loyihalar amalga oshirilgach, viloyatda davolash, kasalliklarni erta aniqlash, tashxis qoʻyish va samarali davolash imkoniyati kengayadi.
Shuningdek, viloyatda faoliyat koʻrsatayotgan 600 dan ziyod xususiy klinikalarda ham bir nechta bosqichlarni oʻz ichiga olgan zamonaviy tibbiy xizmatlar koʻlami ortadi. Yana bir yangilik — tibbiy sugʻurta tizimi keng joriy etilib, bemorlarga kafolatlangan tibbiy xizmat koʻrsatish amalga oshiriladi. Ayni paytda ushbu tizim qoʻshni Sirdaryo viloyatida tajribadan oʻtkazilmoqda.
Koreyalik mutaxassisilar ishtirokida tuzilayotgan loyiha doirasida tibbiyot muassasalarini onkologiya, xirurgiya, genikologiya, pediatriya yoʻnalishlarida malakali mutaxassislar bilan taʼminlash, ayniqsa, onalar va bolalar oʻrtasidagi kasalliklarni aniqlash hamda samarali davolashda zamonaviy texnologiyalarga boʻlgan ehtiyojni taʼminlash nazarda tutilgan.
Shodiyor MUTAHAROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring