Koreya atrof-muhit sanoati va texnologiyalari instituti delegatsiyasi yurtimizda qator samarali uchrashuvlar oʻtkazmoqda
Amaliy tashrif bilan mamlakatimizda boʻlib turgan Koreya atrof-muhit sanoati va texnologiyalari instituti (KEITI) prezidenti Choy Xyong Jin boshchiligidagi Koreya delegatsiyasi Oʻzbekiston Bosh prokurori oʻrinbosari Sherzod Toʻxtaboyev uchrashuv oʻtkazdi.
Muloqot chogʻida idoralararo hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan bir qator takliflar ilgari surildi. Uchrashuvda dastlab ikki davlat oʻrtasidagi faol muloqot qayd etilib, oʻzaro hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirish, huquqiy sohada zamonaviy yondashuvlarni birgalikda rivojlantirishga eʼtibor qaratildi.
Joriy yilning 12-14-iyun kunlari Bosh prokuratura delegatsiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi amalga oshirilib, KEITI huzuridagi chiqindilarni qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan (“Pyeontaek Eco Center”, “OSEONG Thermal Power” va “Anyang GS Power”) zavodlarida joriy etilgan atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha innovatsion texnologiyalar oʻrganilgan edi.
Ushbu tashrif natijalariga koʻra Jizzax viloyatida chiqindi poligonlaridan biogaz hamda “yashil” energiya ishlab chiqarish boʻyicha 2 ta investitsion loyiha imzolangan.
Bugungi kunda Bosh prokuratura tomonidan hududlarda Oʻzbekiston Respublikasining “Chiqindilar toʻgʻrisida»gi Qonuni ijrosi yuzasidan oʻrganish natijalari haqida alohida toʻxtalib oʻtildi.
Shuningdek, Huquqni muhofaza qilish Akademiyasi hamda KEITI oʻrtasida qoʻshma tadqiqot loyihalarini yaratish, xodimlar malakasini oshirish va ilmiy xodimlar almashinuvi boʻyicha hamkorlikdagi dasturlarini ishlab chiqish, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va KEITI oʻrtasidagi muntazam uchrashuvlar, qoʻshma ishchi guruhlar va umumiy maʼlumotlar bazalarini yaratish orqali muntazam aloqa kanallarini oʻrnatish, KEITI tajribasidan kelib chiqqan holda Oʻzbekistonda potensial rivojlanadigan soha yoʻnalishlarini belgilash va tashabbusli loyihalar yaratilishini taʼminlash, bir nechta bosqichni oʻz ichiga olgan atrof-muhit boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash va salohiyatini oshirish dasturlarini ishlab chiqish takliflari taqdim etildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring