“Korea Pops Orchestra” orkestri va ishbilarmon doiralar vakillaridan iborat Janubiy Koreya delegatsiyasi Oʻzbekistonga keladi
Foto: Tashqi ishlar vazirligining ''Dunyo'' axborot agentligi
Bugun Oʻzbekistonga uchgan 80 nafardan ortiq kishidan iborat Janubiy Koreya delegatsiyasi tarkibida “Korea Pops Orchestra” guruhi vakillari ham bor. Orkestrning gastrollariga Janubiy Koreyaning “Eurasia Networks Group” kompaniyasi homiylik qilmoqda.
16-dekabr kuni Fargʻona va 17-dekabr kuni Guliston shaharlarida koreys musiqachilari truppasining konserti rejalashtirilgan. Fargʻona va Sirdaryo viloyatlarida boʻlib oʻtadigan ushbu madaniy tadbirlarda oʻzbekistonlik sanʼatkorlar ham ishtirok etishadi.
Bundan tashqari, hududlarga safarlar doirasida Inchhon shahri maʼmuriyati va Fargʻona viloyati hokimligi oʻrtasida doʻstona munosabatlar toʻgʻrisidagi bitimni imzolash marosimi ham boʻlib oʻtadi. Shuningdek, “Hanshin Engineering & Construction” (Qoʻqon shahridagi “Hanshin Park City” zamonaviy turar-joy majmuasi), “Edulink Global” (Fargʻona va Guliston shaharlarida Janubiy Koreya standartlari boʻyicha maktabgacha taʼlim muassasalari), “TDC Co., Ltd.” (Guliston shahrida Janubiy Koreya standartlari boʻyicha zamonaviy mini shaharcha qurish) kompaniyalari rahbarlari ishtirokida yangi obyektlarni qurish ishlarini boshlash marosimining boʻlib oʻtishi ham nazarda tutilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring