Koʻprik qurgan kishilarga jannat eshiklari ochiq boʻlarkan...

17:23 06 Aprel 2021 Jamiyat
1217 0

Shahrixon tumanidagi “Qoʻrgʻoncha” mahallasi tarkib topganiga yuz yildan oshdi. Hudud Boʻston va Oltinkoʻl tumanlari bilan shundoqqina qoʻshni boʻlgani bois uchchala tuman aholisining bordi-keldi munosabatlari yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Oʻzbekning nimasi koʻp — bozor-oʻchariyu, quda-andachiligi koʻp. Qishloqlararo  munosabatni bogʻlab turuvchi, nafaqat, insoniylik fazilatlari, balki, mahalladan oqib oʻtuvchi «Shahrixonsoy» kanali ustidagi koʻprikdir ham.

Koʻprik qurilganiga 50 yildan oshdi. Bu davr mobaynida zamonda ne bir oʻzgarishlar roʻy berdi. Koʻprik esa oʻzgarmadi. Yoʻgʻye, oʻzgardi, yomon tomonga! Yaʼnikim, eskirib, foydalanishga deyarli yaroqsiz holatga kelib qoldi. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Koʻprik qurilish tresti” unitar korxonasi tomonidan amalga oshirilgan xayrli ish tufayli mahallada yangi koʻprik qurilishi boshlab yuborildi.

— Bir mahalladan ikkinchi mahallaga ancha yoʻl bosib oʻtishga toʻgʻri kelardi, — deydi “Qoʻrgʻoncha” MFY raisi Azizaxon Rahimova. –Uzogʻimiz yaqin boʻldi. Quruvchilar saʼy-harakati bilan yangi koʻprik qurildi. Undan nafaqat, aholi, balki, transport vositalari ham bemalol yura oladi.

Darhaqiqat,  eni 7 metr, uzunligi 32 metrdan iborat ushbu koʻprik 100 tonnagacha boʻlgan yukni bemalol koʻtaradi. Mutaxassislarning maʼlum qilishicha, u  60-70 yil davomida  xalqqa muammosiz xizmat qiladi. 

— 2020-yilda Fargʻona vodiysida 6 ta mana shunday zamonaviy, jahon talablariga mos keladigan koʻpriklar qurib, foydalanishga topshirdik, — deydi  qurilish korxonasi rahbari Doniyorbek Turgʻunov. –Bundan tashqari, oʻnlab suv quvurlarini oʻrnatdik. Ishchilarimiz toʻplagan boy tajriba tufayli  respublikamizdagi eng yirik qurilish obyektlarida ham faoliyat koʻrsatmoqdamiz.

Shahrixon tumanidagi “Qoʻrgʻoncha” MFY hududidan oʻtuvchi «Shahrixonsoy» ustida qad rostlagan yangi koʻprik ayniqsa, mahalliy aholi minnatdorligiga sabab boʻldi.

— Eski koʻprikni eslasam yuragim orqaga tortib ketadi,-deydi mehnat faxriysi Abdulla ota Hamroqulov. –Eski, yaroqsiz, qadam bossa suvga tushib ketar darajadagi koʻprikdan yurishga qoʻrqib, kanalning u tomoniga oʻtish uchun 12 km. masofani piyoda aylanib oʻtishga majbur edik. Va holanki, soyning u qirgʻogʻidan «Andijon — Toshkent» magistarl yoʻli oʻtgan. Ushbu yoʻl orqali respublikamizning istalgan hududida borish mumkin. Qarang, qanday noqulay vaziyatda qolgan edik. Mana, quruvchilarning bir oylik mehnati bilan yangi koʻprik tufayli 12 km. masofamiz sanoqli qadamlarga aylandi. 

 Xalqimiz azal-azaldan yoʻl qurgan, koʻprik sozlagan kishilarni eʼzozlaganlar. Hatto, diniy  rivoyatlarda bayon qilinishicha, koʻprik barpo etgan moʻminlarga jannat eshiklari ochiq boʻladi va ular qushdek yengil parvoz ila jannatga kiradilar. Bu eʼtiroflar oʻz-oʻzidan emas. Zero, uzoqni yaqin qilguvchilar el mushkulini oson qilib, ularning duosiga munosibdirlar. Yangi koʻprik  ham “Qoʻrgʻoncha” MFYdagi 50 dan ortiq xonadonda istiqomat qiluvchi 300 nafardan ziyod aholiga uzoq yillar davomida samarali xizmat qiladi, degan umiddamiz. 

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер