Koʻp qavatli uylarda boshqaruv tizimi takomillashmoqda

21:02 23 Dekabr 2022 Jamiyat
721 0

Foto: Xalq so‘zi

Bugungi kunda Samarqand viloyati boʻylab koʻp qavatli uy-joylar soni 2 ming 88 tani tashkil etmoqda. Davlatimiz rahbarining 2021-yil 19-iyundagi “Koʻp kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori asosida hozirgacha 2 ming 16 ta koʻp qavatli uy 29 ta boshqaruv servis kompaniyalariga biriktirildi. Ushbu boshqaruv servis kompaniyalarining 10 tasi Samarqand shahrida, 5 tasi Kattaqoʻrgʻon shahrida boʻlsa, qolgan tumanlarda bittadan tashkil qilingan.

— Shirkatlar faoliyatini takomillashtirishdan maqsad xizmat koʻrsatish sifati va samaradorligini oshirishdan iborat, — deydi Samarqand viloyati uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boshqarmasi boshligʻi Bahodir Negmatov. — Chunki ayrim shirkatlar faoliyati qoniqarsiz ahvolga kelib qolgani sir emas. Oqibatda mavsum tayyorgarliklari va faoliyatlarida turli muammolar kuzatilayotgan edi. Tizimda roʻy bergan oʻzgarishlar tufayli bu muammolar uzil-kesil barham topmoqda. Xususan, qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida 82 ta uyning 28,6 ming kvadrat metr tom qismi kapital va joriy taʼmirlandi. 119 ta uyning kirish yoʻlaklari, 53 tasining yertoʻlasi, 34 tasining ichki muhandislik tarmoqlari, 84 tasining fasad qismi taʼmirlanib, aholi uchun qulayliklar yaratildi. Mahalliy byudjetdan ajratilgan mablagʻlar hisobidan koʻp qavatli uylardagi 27 ta lift almashtirildi. 10 ta lift uskunalarini taʼmirlash ishlari yakuniga yetmoqda. Shuningdek, koʻp qavatli uylar atrofidagi 8 ming kvadrat metr piyodalar yoʻlaklariga beton qoplamasi yotqizildi, 14 ta bolalar maydonchasi tashkil etildi.

Boshqaruv servis kompaniyasida shirkatdagi kabi chilangar, elektrmontyor va farroshlargina emas, balki oʻnlab yoʻnalishda xizmat koʻrsatuvchi mutaxassislar faoliyat olib boradi. Bunda asosiy faoliyat turlaridan tashqari uy-joy egalariga zarurat tugʻiladigan arzon va sifatli qurilish-taʼmirlash bilan bogʻliq xizmatlar ham yoʻlga qoʻyiladi.

—  Kompaniyamiz 515 ta koʻp qavatli uyning 21 ming 700 dan ortiq xodanoniga xizmat koʻrsatmoqda, — deydi Samarqand shahridagi “Bio-tex-servis” boshqaruv servis kompaniyasi rahbari Azizxon Rasulov. — Albatta, ishni boshlash oson kechmayapti. Joriy yilning avgust oyidan faoliyatimizni boshlagan boʻlsak, bugungi kungacha ham ayrim muammolardan xalos boʻla olganimizcha yoʻq. Ayniqsa, toʻlovlar borasidagi chalkashliklar eng ogʻriqli masala boʻlib turibdi. Ayni paytda kompaniyamizda 24 soatlik dispetcherlik xizmati joriy qilingan boʻlib, 128 nafar xodim tomonidan aholiga sifatli xizmat koʻrsatilmoqda. Aholidan kelib tushayotgan murojaatlar asosida muammolar 18 soatdan oshmagan holda hal etilmoqda. Biz hududlarda tugatilgan shirkatlarda faoliyat yuritgan ishchi-xodimlarni ishga qabul qilgan holda faoliyatni davom ettiryapmiz. Chunki ular hududni yaxshi biladi, aholi ham ularni taniydi.

Shuningdek, har bir hudud boʻyicha samarali faoliyati bilan aholi oʻrtasida hurmatga sazovor boʻlgan shirkatlar rahbarlari guruh rahbari sifatida ishlayapti. Ular biriktirilgan xodimlar bilan hududdagi muammolarni oʻz vaqtida aniqlab, tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiryapti.

Boshqaruv servis kompaniyasi macʼullarining maʼlumotiga koʻra, tizimdagi badal toʻlovlarini toʻliq onlayn tizimga oʻtkazish ishlari ham jadal olib borilmoqda.

— Shirkatlar rahbarlari faqatgina vaʼdabozlik bilan vaqt oʻtkazishardi, — deydi Samarqand shahrida yashovchi I. Ortiqov. — Ularda na professional chilangar, na zamonaviy asbob-uskuna bor edi. Boshqaruv kompaniyasi ilk faoliyatini hududni obodonlashtirishdan boshladi. Qisqa vaqtda hududimiz obod goʻshaga aylandi. Uy-joylarimizning taʼmirtalab joylari ham oʻz vaqtida taʼmirlanib, koʻzni quvnatadigan darajaga keldi. Oʻylaymizki, bu ishlar bundan keyin ham shunday surʼatda davom ettiriladi.

Ayni paytda Samarqand shahrida koʻp qavatli uylarning issiqlik taʼminotini barqarorlashtirish dolzarb masala sanalmoqda. Jahon banki tomonidan moliyalashtirilgan loyiha asosida shaharda mavjud qozonxonalarni modernizatsiya qilish ishlari davom etayotgani tez orada bu borada ham amaliy yechimlar oʻz isbotini topishidan dalolat beradi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер