Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi — xalq
Foto: Xalq so‘zi
Hech bir inson davlat va jamiyat hayotidan ayro yashay olmagani kabi ijtimoiy-siyosiy sohadagi oʻzgarish hamda yangilanishlar har birimizning turmush tarzimiz, maqsad va intilishlarimiz, hatto qarashlarimizga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmogʻi tayin. Xuddi shunday, “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasida ishtirok etish fuqarolarning oʻz qonuniy huquq va manfaatlari kafolatini mustahkamlash jarayonida bevosita ishtirok etish uchun imkon yaratmoqda. Joylarda tashkil etilayotgan “Mening konstitutsiyam” shiori ostidagi jamoatchilik muhokamasi maydonlari aholi keng qatlami uchun ayni muddao boʻlayotir.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasi deputatlari Navroʻz Rizayev, Gʻayrat Abdiyev, OʻzLiDeP Samarqand viloyat, Urgut tuman Kengashlari aʼzolari, tumandagi tashkilotlar rahbarlari, pedagog-oʻqituvchilar hamda yoshlar vakillari ishtirokda Urgut tumanida “Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi – xalqdir” mavzuida tadbir oʻtkazildi.
Qayd etilganidek, joriy yilning 20-may kuni Oliy Majlis palatalari Kengashlari tomonidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzilib, faoliyatini boshladi. Komissiya tarkibiga deputatlar, senatorlar, Oʻzbekistonning barcha hududlaridan vakillar, fuqarolik jamiyati institutlari, huquqshunoslar, siyosatshunoslar va boshqa mutaxassislar kiritildi. Aholidan bu boradagi takliflarini qabul qilish uchun bir qator platformalar ishga tushirildi. Ayni paytda taklif va fikrlar “Meningkonstitutsiyam.uz” elektron platformasi, “Telegram” messenjeridagi maxsus bot, 1341 qisqa raqamli Call-markazi, pochta aloqasi, mahallalar, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari orqali qabul qilinmoqda.
Qisqa davrda Komissiyaga fuqarolarimizdan jami 60 mingdan ortiq taklif kelib tushdi.

Prezidentimiz 20-iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashdi va toʻrtta ustuvor yoʻnalish boʻyicha oʻz takliflarini ilgari surdi. Ushbu jarayonlarda Konstitutsiya loyihasini umumxalq muhokamasida koʻrib chiqish hamda referendum oʻtkazish yoʻli bilan qabul qilish taklif etildi.
Muxtasar aytganda, bugun barcha saʼy-harakatlar inson va uning manfaatlari ustuvorligiga qaratilgan ekan, Bosh qomusimizga kiritiladigan barcha oʻzgartishlarning negizida ham Oʻzbekistonda kechayotgan islohotlar mohiyatini belgilovchi ulugʻvor gʻoya – “Inson qadri uchun” – shiori yaqqol ifodalanishi lozim.
Oliy Majlis deputatlari yigʻilganlarga “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining ahamiyatini atroflicha tushuntirdilar. Tadbirda soʻz olganlar mavzu yuzasidan oʻz taklif-mulohazalarini bildirdi.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring