Yangi Oʻzbekistonning mustahkam huquqiy tayanchi
Istiqlol yoʻlidan dadil va ishonch bilan ilgarilayotgan mamlakatimiz uchun demokratik davlatchilikni barpo etish shunchaki siyosiy shior emas, balki strategik va tarixiy vazifadir. Ana shu yuksak maqsad sari harakatda konstitutsiyaviy sudlar faoliyati alohida va hal qiluvchi oʻrin egallaydi. Chunki ular mamlakatda Konstitutsiya ruhining posboni, inson huquqlari va erkinliklarining ishonchli kafolati, demokratik meʼyorlarning huquqiy qalqonidir.
Konstitutsiyaviy sudlar davlat hokimiyati tizimidagi eng oliy konstitutsiyaviy nazorat instituti boʻlib, mamlakatda qabul qilinayotgan barcha qonunlar, parlament qarorlari, Prezident farmonlari va qarorlari, ijro hokimiyati hujjatlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini taʼminlaydigan strategik mexanizmdir. Konstitutsiyaviy sud faoliyati orqali davlat hokimiyati tarmoqlari oʻrtasida muvozanat taʼminlanadi, qonun ustuvorligi amalda qaror topadi va jamiyatda adolat tamoyili mustahkamlanadi. Zero, Konstitutsiya ustuvor boʻlgan jamiyatda har bir fuqaro oʻz huquqlarining himoya qilinganiga ishonadi, davlat esa oʻz siyosiy qarorlarini qonuniylik va masʼuliyat mezoni asosida qabul qiladi.
Har bir davlat oʻz tarixiy tajribasi, siyosiy tizimi va huquqiy anʼanalariga koʻra Konstitutsiyaviy sudning vakolat doirasini belgilaydi. Shu bois, uning tarkibi, sudyalar tayinlanish yoki saylanish tartibi, vakolat muddati, ichki tuzilishi va funksiyalari turli mamlakatlarda bir-biridan farq qiladi. Ayrim davlatlarda sud faqat normativ nazorat bilan cheklansa, boshqalarida u fuqarolarning toʻgʻridan-toʻgʻri murojaatlarini koʻradi, siyosiy partiyalar faoliyatini nazorat qiladi yoki yuqori mansabdor shaxslarni sud qilish vakolatiga ega boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi 1995-yilda tashkil etilgan boʻlib, bu mustaqil davlatchilikning huquqiy meʼmorchiligi boshlangan davr, qonun ustuvorligi tamoyilini amaliy hayotga tatbiq etish boʻyicha ilk strategik qadam edi. Konstitutsiyaviy sud faoliyati keyingi yillarda bir necha bor takomillashtirildi: yangi qonunlar qabul qilindi, Konstitutsiyaga oʻzgartishlar kiritildi, sud tizimi institutsional jihatdan mustahkamlandi. Bu jarayonlar sudning nufuzini oshirdi, uning vakolatlarini aniq va samarali tarzda belgilab berdi. Sud nafaqat huquqiy, balki siyosiy barqarorlikning ham muhim omiliga aylandi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli yangilanishlar nafaqat iqtisodiy yoki ijtimoiy sohani, balki davlatchilikning eng muhim ustuni boʻlgan sud-huquq tizimini ham tubdan yangilashni nazarda tutadi. Bu jarayonlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan “Yangi Oʻzbekiston” taraqqiyot konsepsiyasining uzviy va mantiqiy davomidir.
“Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasi markazida bir tamoyil mujassam: inson qadri — oliy qadriyat. Bu shunchaki shior emas, balki davlat siyosatining asosiy mezonidir. Zero, inson huquqlari himoya qilinmagan, adolat ustuvor boʻlmagan jamiyatda barqaror taraqqiyot boʻlishi mumkin emas. Shu bois sud-huquq sohasida amalga oshirilgan islohotlar davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilandi.
Bu islohotlar orqali sud mustaqilligini taʼminlash, odil sudlov sifatini oshirish, protsessual kafolatlarni mustahkamlash, fuqarolarning sudga boʻlgan ishonchini tiklashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Sud qarorlarining shaffofligi, ochiqligi va asoslanganligi yangi standartga aylanmoqda. Bu esa jamiyatda qonuniylik va adolat muhitini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Mazkur jarayonlarda Konstitutsiyaviy sud alohida va markaziy oʻrin tutadi. Chunki u davlat hokimiyati tarmoqlari faoliyati ustidan konstitutsiyaviy nazoratni amalga oshiradi, qonun ijodkorligi jarayonida Konstitutsiya ustuvorligini taʼminlaydi va inson huquqlarini himoya qilishning yuksak huquqiy mexanizmi sifatida namoyon boʻladi.
Davlat rahbarining siyosiy nutqlarida tez-tez tilga olinadigan “konstitutsiyaviy nazorat”, “inson qadri”, “adolat”, “ochiqlik va shaffoflik” kabi tushunchalar aynan Konstitutsiyaviy sud faoliyatida ham oʻzining amaliy ifodasini topadi. Zero, Konstitutsiya ustuvor boʻlgan jamiyatda hech bir qaror Asosiy Qonundan ustun boʻlolmaydi.
Bugungi islohotlar shuni koʻrsatmoqdaki, qonun ustuvorligi va adolat tamoyili davlat siyosatining markaziga aylanmoqda. Ana shu jarayonda Konstitutsiyaviy sudning oʻrni va masʼuliyati yanada ortib bormoqda. Chunki Yangi Oʻzbekistonni barpo etish — bu, avvalo, Konstitutsiya ustuvorligiga tayangan huquqiy davlat qurish demakdir.
2023-yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakat huquqiy hayotida haqiqiy burilish nuqtasiga aylandi. Bu shunchaki ayrim moddalarni yangilash emas, balki davlat va jamiyat munosabatlarining mazmunan qayta belgilab olinishi, inson qadrini oliy qadriyat sifatida huquqiy mustahkamlash va konstitutsiyaviy adolatni yangi bosqichga olib chiqish demakdir.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada Konstitutsiyaviy sud vakolatlari sezilarli darajada kengaytirildi. Eng muhim yangilik fuqarolar va yuridik shaxslarga konstitutsiyaviy shikoyat qilish huquqi berilganidir. Bu qaror — tarixiy ahamiyatga ega. Chunki endilikda adolat faqat davlat organlari tashabbusi bilan emas, balki har bir fuqaroning huquqiy faolligi orqali taʼminlanadi. Bu — Konstitutsiyani har bir insonning shaxsiy huquqiy himoya vositasiga aylantirish demakdir. Endi fuqaro oʻz huquqi buzilgan deb hisoblasa, toʻgʻridan-toʻgʻri Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish imkoniyatiga ega. Bu esa adolatni markazlashgan tizim emas, balki jamiyatning har bir qatlamiga yaqinlashtirishga xizmat qiladi.
2025-yil 18-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonning qabul qilinishi Konstitutsiyaviy sud faoliyatini yanada takomillashtirishda yangi bosqichni boshlab berdi. Mazkur farmon bilan sud faoliyatini zamonaviy talablar asosida tashkil etish, raqamli texnologiyalarni joriy qilish va ochiqlikni taʼminlash boʻyicha keng qamrovli vazifalar belgilab berildi.
Bu chora-tadbirlar ochiqlik va shaffoflikni davlat siyosatining amaliyotdagi mezoniga aylantirish, adolatni fuqaroga yanada yaqinlashtirish va Konstitutsiyaviy sudni zamonaviy boshqaruv madaniyatiga moslashtirishga qaratilgan.
Raqamli transformatsiya orqali sud qarorlarining ochiqligi taʼminlanadi, murojaatlar koʻrib chiqilishida tezkorlik va aniqlik oshadi, davlat organlari bilan axborot almashinuvi samarali yoʻlga qoʻyiladi. Bu esa qonuniylik muhitini mustahkamlash va jamiyatda adolatga boʻlgan ishonchni oshirishga xizmat qiladi.
Bugun Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar shunchaki tarkibiy oʻzgarishlar yoki huquqiy texnika masalasi emas. Bu — davlat va jamiyat munosabatlarini yangi mazmunda qayta qurish, inson qadrini oliy mezonga aylantirish, qonun ustuvorligini hayot meʼyoriga aylantirish jarayonidir.
Konstitutsiyaviy sud ana shu tarixiy jarayonning markazida turibdi. U faqat qonunlarni tekshiruvchi organ emas, balki Konstitutsiya ruhining posboni, adolatning oliy mezoni, davlat barqarorligining huquqiy kafolatidir.
Yangi Oʻzbekiston sharoitida Konstitutsiyaviy sud — bu huquqiy nazorat organi boʻlibgina qolmay, balki milliy taraqqiyot strategiyasining huquqiy kafolatiga aylanmoqda. Chunki Konstitutsiya ustuvor boʻlgan jamiyatdagina barqaror iqtisodiy oʻsish, ijtimoiy adolat va siyosiy barqarorlik taʼminlanadi. Konstitutsiya ustuvorligi — adolat ustuvorligidir. Ana shu tamoyil Yangi Oʻzbekistonni yanada kuchli, ochiq va insonparvar davlat sifatida shakllantirishning mustahkam poydevori boʻlib xizmat qiladi.
Hasan ABDURAHMONOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi
Xalqaro aloqalar boʻlimi boshligʻi,
yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring