“Konstitutsiya — farovon hayotimiz va taraqqiyotning asosiy poydevori”

06:41 24 Noyabr 2021 Jamiyat
1991 0

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligiga bagʻishlab Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan tadbir ana shunday nomlandi.

Unda Qonunchilik palatasi deputatlari va Devoni xodimlari, Oliy Majlisning inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz, Oʻzbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi vakillari hamda Yoshlar parlamenti aʼzolari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, inson huquq va erkinliklariga amal qilinishini taʼminlash, har bir shaxsning qadr-qimmatini eʼzozlash biz barpo etayotgan ochiq, erkin va adolatli jamiyatning ajralmas xususiyatidir. Bunday prinsip Asosiy qonunimizda qatʼiy belgilangan. Asosiy qonunimiz oʻzining tamoyillari va qoidalari bilan mamlakatimiz taqdiri, har bir insonning huquq va erkinliklarini belgilashda muhim hujjatdir.

Bosh qomusimizning 13-moddasida Oʻzbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanishi, ularga koʻra inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi, demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinishi belgilab qoʻyilgan.

Shu maʼnoda, Prezidentimiz rahbarligida inson huquq va manfaatlarini taʼminlash boʻyicha barcha sohada, ayniqsa, sud-huquq tizimida chuqur islohotlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekistonda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, xalq farovonligini oshirishga qaratilgan amaliy ishlar esa jahon hamjamiyati tomonidan keng eʼtirof etilmoqda.

Tadbirda mamlakatimizning har tomonlama ravnaq topishida, odamlarning baxtiyor yashashida Bosh qomusimiz mayoq boʻlayotgani, xalqimizning tinch, obod va farovon hayotini taʼminlash, jamiyat hayotining barcha sohalarida olib borilayotgan islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishida mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilayotgani taʼkidlandi.

Konstitutsiyamiz shaxs, jamiyat va davlat oʻrtasidagi munosabatlarda oʻzaro huquq va majburiyatlar hamda ularning kafolatlarini aniq-ravshan belgilab bergani, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, yurtimiz fuqarolari tengligining kafolatlanishini eʼtirof etgan holda zamonaviy demokratik taraqqiyot uchun zamin yaratgani qayd etildi.

Tadbirda soʻz olganlar Konstitutsiyamiz milliy taraqqiyot yoʻlini belgilab beruvchi insonparvar, xalqchil qomus sifatida barcha sohada keng imkoniyatlar eshigini ochib bergani, milliy qadriyatlarimiz asosiga qurilgani, oʻzida xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan jihatlarini aks ettirishini taʼkidlab oʻtdilar. Xususan, rivojlangan, taraqqiy topgan davlatlarning tarixiy tajribasiga tayangan holda yaratilgan Asosiy qonunimizda oʻz ifodasini topgan adolat prinsipini amalda taʼminlash boʻyicha soʻnggi yillarda tizimli ishlar olib borilgani qayd etildi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер