Konstitutsiya davlat va jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladi
Konstitutsiyaviy islohotlar xalqimiz manfaatlarini roʻyobga chiqarish yoʻlida yangi davrni boshlab berish, “inson — jamiyat — davlat” tamoyili aks etgan maqsadlarimizni amalga oshirishda mustahkam va oʻzgarmas huquqiy asos boʻladi.
Zero, yangilanayotgan Konstitutsiyamizga koʻplab konseptual yangi normalar kiritilmoqda. Misol uchun, 20-moddada insonning davlat organlari bilan oʻzaro munosabatlarda yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi kafolatlanmoqda.
Namangan viloyati Uychi tumanida yangilanayotgan Konstitutsiya mazmun-mohiyatiga bagʻishlab tashkil etilgan tadbirda bu haqda alohida taʼkidlandi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengash deputatlari, mahalla fuqarolar yigʻini raislari, hokim yordamchilari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari ishtirok etgan tadbirda Asosiy qonunimizga kiritilayotgan oʻzgarishlar haqida maʼlumot berildi.
Quyi palata deputati B.Mirzamovaning aytishicha, Konstitutsiyada davlat fuqarolarning bandligini taʼminlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek, kambagʻallikni qisqartirish choralarini koʻrishi mustahkamlanmoqda. Qolaversa, davlat fuqarolarning kasbiy tayyorgarligini va qayta tayyorlanishini tashkil etishi hamda ragʻbatlantirishi qayd qilinmoqda.
Tadbirda ishtirokchilar Konstitutsiyamizga kiritilayotgan oʻzgartishlarni qoʻllab-quvvatlab, bularning barchasi xalqimizning turmush darajasini yaxshilash yoʻlidagi muhim qadam ekanligini bildirdi.
Ana shunday tadbirlarning navbatdagisi — Namangan shahridagi 26-umumtaʼlim maktabida boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda deputat yangilanayotgan Konstitutsiyamizning ahamiyati haqida tushuntirishlar berib, Bosh qomusimizda oila, bolalar va yoshlar uchun alohida bob ajratilayotganini qayd etdi. Xususan, davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga boʻlgan mehr-muhabbat tuygʻularini shakllanitirish toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishi belgilanmoqda.
Qizgʻin va savol-javoblarga boy boʻlgan uchrashuvda ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar olishdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring