Konstitutsiya – bu demokratiya, demokratiya – bu masʼuliyat demakdir

17:21 18 Aprel 2023 Siyosat
932 0

Foto: Arxiv surat

Mamlakatimizda bugungi taraqqiyotning yangi fazasi, koʻlami va xususiyatlari “Davlat-jamiyat-inson” dixotomiyasini metodologik jihatdan ancha eskirib qolganligini namoyon etdi va uning tobora oʻtmishga daxldor boʻlib borayotganligini koʻrsatdi. Qachonki, anʼanaviy qadriyatlar muayyan zamon talabiga javob bermasa uni demokratik qadriyat bilan almashtiradilar yoki demokratik qadriyat muayyan tarzda anʼanaviy qadriyatlarga nisbatan neytral boʻlsa yohud ularni toʻldirsa, u holda u amaliyotga tatbiq qilinadi. Metodologiyaning oʻzi, avvalo, obyektiv haqiqatga yaqin boʻlishi talab etiladi. Darhaqiqat, har bir davr voqealar haqiqatini oʻrganar ekan va unga yetib borish uchun intilar ekan, metodologik yoʻlning oʻzi ham unga yarasha boʻlishi, yaʼni aniq boʻlishi kerak. Bu, birinchidan, ijtimoiy-iqtisodiy voqelikka yondashuv xususiyatlari va paradigmalari doimiy ravishda oʻzgarib, takomillashib borishi bilan xarakterlansa, ikkinchi tomondan, ijtimoiy hayot va milliy taraqqiyot, uning tarixiy oʻzgaruvchan xarakteri, dinamik murakkabligi, ijtimoiy subyekt rivojlanish darajasi, uning imkoniyatlari, hayotiy ehtiyojlar nisbati va ularni qanoatlantirish, iqtisodiy va siyosiy turmushni oʻz ixtiyori asosida qurishga toʻla erkinlik, xususiy mulkka asoslangan ehtiyojlar ustuvorligi, insoniy birliklar, guruhlarning sotsial aloqalari va munosabatlari, ijtimoiy sifat va ijtimoiy infrastruktura kabilar bilan taqozolanadi. Tarixdan maʼlumki, hech bir ijtimoiy jarayonlar inson omiliga tayanmas ekan, u yuzaki va oʻtkinchi roʻyo sifatida biror-bir ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlmaydi. Yangi Oʻzbekiston jamiyatining ho­zirgi taraqqiyot bosqichida ikki jihat koʻzga tashlanmoqda: birinchi­si, jamiyatning huquqiy-siyosiy muhiti shaxsga keng imkoniyat­lar berayotganligi; ikkinchisi, shaxsning oʻz faoliyati bilan jamiyat huquqiy-siyosiy muhitiga taʼsir oʻtkazayotganligi. “Inson-jamiyat-davlat” ijtimoiy davlat tamoyili hamda “Inson oʻzgarsa, jamiyat oʻzgaradi» xalqchil davlat gʻoyasi, inson, jamiyat va davlat oʻrtasidagi muvozanat hamda ularning baravar rivojlanishi, bu uch unsurga oid huquq, erkinlik va majburiyatlarning tengligi, shuningdek, shaxsning oʻzligi va jamoaviylik muvozanati Oʻzbekistonning yangilanayotgan Konstitutsiyasida oʻz ifodasini topdi.

Bu yangi hodisa insonning fundamental huquq va erkinliklariga oliy yuridik maqom baxsh etadi:“har bir inson oʻz shaxsini erkin rivojlantirish, qonun bilan taqiqlanmagan hamda boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini buzmaydigan har qanday harakatni amalga oshirish huquqiga ega. Qonunda belgilanmagan majburiyat hech kimning zimmasiga uning roziligisiz yuklatilishi mumkin emas”, “har bir inson shaxsiy hayotining daxlsiz boʻlishi, shaxsiy va oilaviy siri, oʻz shaʼni va qadr-qimmati himoya qilinishi huquqiga ega”, “hech bir inson rasmiy ravishda eʼlon qilinmagan qonunga asosan hukm qilinishi, jazoga tortilishi, mol-mulkidan yoki biron-bir huquqidan mahrum etilishi mumkin emas”, “har kim qonun bilan muhofaza qilinadigan mulkka, shu jumladan intellektual mulkka boʻlgan huquqqa ega”, “hech bir shaxs oʻz mol-mulkidan sudning qarorisiz mahrum etilishi mumkin emas. Mulkni jamoat ehtiyojlari uchun majburiy ravishda boshqa shaxsga oʻtkazish qonunda nazarda tutilgan alohida hollarda hamda tartibda uning oʻrnini oldindan va teng qiymatda qoplash sharti bilan amalga oshirilishi mumkin”, “har kim mehnati uchun hech qanday kamsitilishlarsiz va belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kam boʻlmagan tarzda adolatli haq olish huquqiga ega”,” Har kim sogʻlom va qulay atrof-muhitga, uning holati haqidagi haqqoniy axborotga ega boʻlish hamda oʻz sogʻligʻiga yoki mol-mulkiga ekologik huquqbuzarlik tufayli yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishi huquqiga ega”.

Yangilanayotgan Konstitutsiya “davlat” – insonga, uning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy turmush tarzini erkin tanlab olishini kafolatlovchi organ, ularni tartibga soluvchi asosiy vosita, huquqiy va subordinatsiyaga muvofiq uyushtirishni oʻz zimmasiga olgan institut sifatida qayd etadi. Ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning umumiyligi, jamiyat tanlagan yoʻlining mushtarakligi, xalq davlat hokimiyatining asosiy manbai hamda inson erki, huquqi va manfaatlarini himoya qilish umumiy taraqqiyot belgisi ekanligi davlatni xalq hokimiyatchiligining tarkibiy qismiga aylantiradi. Umumiy ijtimoiy-siyosiy, demokratik va gumanitar taraqqiyot maqsadi davlatning – xalqdan, xalqning – davlatdan begonalashuviga yoʻl qoʻymaydi: “Inson va fuqaroning huquq hamda erkinliklarini taʼminlash – davlatning oliy maqsadidir”, “Davlat inson va fuqaroning Konstitutsiyada hamda qonunlarda mustahkamlangan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlaydi”, “Davlat ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand va kam taʼminlangan, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarni qonunda belgilangan tartibda uy-joy bilan taʼminlaydi”,“Davlat nogironligi boʻlgan shaxslarning huquq va manfaatlarini amalga oshirish uchun zarur teng sharoitlarni yaratadi”, “Fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan mahallalar, siyosiy partiyalar, harakatlar, ommaviy axborot vositalari, kasaba uyushmalari, jamoat fondlari va shaxslarning boshqa jamoat birlashmalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etadi, uning mazmunini belgilaydi”.

Shubhasiz, inson huquqlari moʻtabar va muqaddasdir. Biroq, turli-tuman huquqiy munosabatlar ishtirokchisi boʻlmish inson (fuqaro) faqat huquq va imtiyozlardan foydalanib qolmasdan, jami­yat, davlat hamda boshqa fuqarolar oldida muayyan majburiyatlarni ham oʻtaydi. Huquqlar haqida gapirilsayu, majburiyatlar esga olinmasa, mantiqan ham toʻgʻri boʻlmaydi. Konstitutsiya fuqarolarga tenglik, ozodlik, ijtimoiy adolat, mulkka egalik va birodarlikni hayotiy voqelikka aylantiruvchi turli huquqlarni berish bilan birga, shu huquqlarga rioya qilishni, ulardan ijodiy, jamiyat manfaatlarini koʻzlab foydalanishni talab qiladi. Haqiqiy demokratik jamiyatda fuqaro mavjud huquqlardan foydalanuvchi boqimanda emas, balki ularga suyanib, jamiyatning muammolarini hal etishda faol qatnashuvchi shaxs boʻlishi kerak. 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasining 20-maqsadida ham faol fuqarolik jamiyatini rivojlantirish hamda fuqarolar oʻrtasida qonunga hurmat va itoat qilish hissini shakllantirish, aholining huquqiy madaniyati va ongini yuksaltirish kabi fuqarolar masʼuliyati taʼkidlangan. Agar kishilar oʻz huquqlaridan toʻliq foydalanishga, ularni oʻz manfaatlari va hayotiy maqsadlariga xizmat qildirishga intilmasalar, eng olijanob va mukammal qonunlar ham ularni demokratik muhitida yashashga oʻrgata olmaydi. Huquq masʼuliyatsiz – masʼuliyat esa huquqsiz yashay olmaydi. Bularning birini ikkinchisidan ajratish mumkin emas, chunki huquqsiz masʼuliyat qullik, tobelik boʻlsa, masʼuliyatsiz huquq boshbodoqlikdir. Agar shaxs oʻzi yashayotgan jamiyatda erkin faoliyat koʻrsatishni istasa u oʻz erkinligini boshqalarning ham erkin boʻlishi uchun cheklashga majbur. Xuddi shu holat huquqiy munosabatlarning namoyon boʻlishidir. Masʼuliyat adolatli boʻlishning mezoni sifatida namoyon boʻladi. Chunki masʼuliyat maʼnaviy xatti-harakat asosida shaxsda uch sifatni hosil qiladi: vujud pokligi, mustahkam iroda, maqbul feʼl-atvor.

Demak, inson va fuqaroning huquqiy maqomi faqat huquqlar va erkin­liklardangina iborat emas. Balki unga majburiyatlar majmui ham kiradi. Huquq va masʼuliyat inson faoliyatida amal qiluvchi uygʻun tushunchalardir. Garchi huquq ijtimoiy, mulkiy, siyosiy va aytish mumkinki, mafkuraviy jarayonlar hosilasi boʻlsada, u jami­yatdagi har bir fuqaroning ongi va qalbidan oʻtgandan soʻnggina muayyan mazmunga ega boʻlib, davlat va jamiyat hayotida muhim oʻrin tuta boshlaydi. Qonunga ogʻishmay itoat etilgan jamiyatdagina demokratiya qaror topadi va yanada mustahkamlanadi.

Siyosiy masʼuliyat

Jamiyatdagi jarayonlar har doim ham bir tekisda amalga oshmaydi. Ijtimoiy-siyosiy islohotlar bir muncha mashaqqat, qiyinchiliklar va qarama-qarshiliklar evaziga amalga oshadi. Bunda fuqarolardan oʻziga xos masʼuliyat, yaʼni ulardan mavjud murakkab jarayonlar oldida esankirab qolmaslik, sarosimaga tushmaslik talab etiladi. Shu bois ularni mustahkam ishonch va qatʼiy iroda bilan yengib oʻtish har bir fuqaroning hayot tarziga aylanib borishi lozim. Mamlakatimiz Prezidenti taʼkidlaganidek,“Xalqimiz shuni yaxshi bilishi kerak: oldimizda uzoq va mashaqqatli yoʻl turibdi. Barchamiz jipslashib, tinimsiz oʻqib-oʻrgansak, ishimizni mukammal va unumli bajarsak, zamonaviy bilimlarni egallab, oʻzimizni ayamasdan oldinga intilsak, albatta, hayotimiz va jamiyatimiz oʻzgaradi». Binobarin, siyosiy masʼuliyat fuqarolarning Vatan va xalq manfaati, mamlakat taqdiri hamda ishi uchun fidoyilik bilan xizmat qilishi, jamiyat taraqqiyoti uchun kamarbasta boʻlishi, amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, huquqiy islohotlarda faol qatnashishi, davlat va jamiyatning muhim masalalarini hal qilishda munosib ishtiroki, tinchlik va barqarorlikni taʼminlashga koʻmak berishidir. Fuqaro siyosatning subyekti sifatida jamiyatdagi siyosiy jarayonlarga befarq boʻlmaydi, balki uni anglab olishga harakat qiladi va jamiyat siyosiy hayotida maʼlum vazifani bajaradi. U saylovlarda saylovchi sifatida ovoz beradi, saylab qoʻyiladigan turli vakillik organlari, jamoat tashkilotlarining ishlarida qatnashadi va ularga oʻz munosabatini bildiradi. Bu jarayon quyidagi masalalar bilan bevosita bogʻliqlikda namoyon boʻladi:

- siyosiy madaniyatga ega va jamiyat siyosiy jarayonlarida oʻziga xos masʼuliyat bilan ishtirok etadigan fuqaro mamlakatga nisbatan ichki va tashqi tahdidlar va xavflar, jahon siyosati, geosiyosiy maqsadlarni teran anglab yetadi, ularga qarshi kurashish uchun tegishli salohiyatga ega boʻladi;

- yuqori siyosiy bilim va koʻnikmalar sohibi oʻz siyosiy masʼuliyati orqali jamiyat ichidagi turli siyosiy kuchlar va guruhlar manfaatlarini yagona maqsad yoʻliga muvofiqlashtirish, ular oʻrtasida muvozanat, konsensus, siyosiy bagʻrikenglikni vujudga keltirish va bu orqali ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni taʼminlash ishlariga koʻmaklashadi;

- siyosiy faol va siyosiy masʼuliyati yuksak fuqarolar aholi oʻrtasida turli mafkuraviy xurujlarga nisbatan mustahkam immunitetni shakllantirib, siyosiy profilaktika ishlarini tashkil etadi;

- siyosiy masʼuliyatga ega boʻlgan shaxs oʻz siyosiy imkoniyatlari, jamiyatda tutgan oʻrni va egallagan mavqeyi orqali fuqarolar jipsligi, ularning yagona maqsad yoʻlidagi safarbarligi, milliy koʻtarinkilik va jamiyat rivojlanishi jarayonlarida keng ishtirok etadi;

- siyosiy masʼuliyatli shaxs jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy institutlar yordamida milliy va diniy bagʻrikenglik, konfessiyalararo muloqot hamda hamjihatlikni taʼminlashga hissa qoʻshadi.

Fuqarolik masʼuliyati

Hozirgi davrda jamiyat va inson shiddat bilan tezlashib borayotgan ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlar jarayonida oʻzi munosabatlarga kirishadigan, yangiliklar va oʻzgarishlarga moslashadigan faol fuqaroni taqozo etadi va uning jamiyat rivojidagi oʻrni belgilanmoqda. Demokratik qadriyatlar amal qilingan sharoitda davlat faoliyati fuqarolar nazorati ostida boʻladi. Shuning uchun ham jamiyat hayotida sodir boʻladigan turli oʻzgarishlar va jarayonlarda davlatdan koʻra fuqarolar masʼulligi kuchayadi. Fuqaro masʼuliyati fuqarolarning davlat tomonidan chiqarilgan qonunlar va meʼyoriy-huquqiy hujjatlar ijrosini taʼminlashda va ularni amaliyotga joriy etishda chuqur masʼuliyat bilan qatnashishida yaqqol koʻzga tashlanadi. Masʼuliyat maʼmuriy jihatdan, ijtimoiy tartibga solishning turli meʼyorlarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi jamoatchilik nazoratining namoyon boʻlishidir. Bu borada «oʻzaro tiyib turish”, “manfaatlar muvozanati”, ijtimoiy sherikchilik”, “boshqaruvda ijtimoiy nazorat” kabi ijtimoiy-siyosiy kategoriyalar paydo boʻldiki, bu voqelikni amaliyotini kuchaytirish borasida jamiyatda muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Demokratik siyosatni voqelikka aylantiradigan fuqaroviylik faqatgina fuqarolik jamiyatining ijtimoiy tarmoqlarida tarbiyalanishi mumkin. Bunday tarmoqlar ixtiyoriy boʻlganligi uchun, uning tarkibidagi aʼzolar shu tarmoq yoki uyushma doirasida qabul qilingan qoidalariga boʻysunib yashashni istamasliklari jamoa aʼzolari tomonidan qandaydir qonuniy jazo bilan emas, balki oddiygina norozilik bilan qarshi olinadi. Ifoda etilgan ana shu norozilik uyushma ichidan, yaʼni oila aʼzolari, doʻstlar, hamkasblar va maslakdoshlar tomonidan ifoda etilganligi uchun davlat beradigan jazoga nisbatan taʼsirliroqdir. Aynan ana shu yerda insonning shaxsiyati, irodasi va tom maʼnoda fuqaro boʻlishga qodirligi shakllanadi.

Baxti Ochilova,

Falsafa fanlar doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер