Kongoda yana Ebola virusi bilan kasallanish holati qayd etildi
Foto: Reuters
Kongo Demokratik Respublikasi sharqida yana Ebola virusi bilan kasallanish qayd etildi. Bu holat oldingi epidemiyadan besh oy o‘tib kuzatilmoqda.
Bu haqda INRB milliy laboratoriyasining ichki hisobotiga asoslanib “Reuters” xabar bermoqda.
Ijobiy test 2018-2020 yilda epidemiya markazi bo‘lgan Beni shahrining aholi zich joylashgan hududida ikki yoshli bolada qayd etilgan. O‘sha yillar mazkur hududda 2,2 mingdan ortiq odam virus qurboni bo‘lgan edi.
INRB hisobotiga ko‘ra, o‘tgan oyda kasallik qayd etilgan bolaning uch nafar qo‘shnisida Ebola virusi alomatlariga o‘xshash holatlar kuzatilgan va ular vafot etishgan. Ammo ularning hech biri virusga tekshirilmagan.
Agentlik Kongo sog‘liqni saqlash vaziri mazkur maʼlumotni tasdiqlashdan bosh tortganini daʼvo qilmoqda. Shunga qaramay tez orada rasmiy bayonot eʼlon qilinishi aytilmoqda.
Oldinroq Kot-D‘Ivuar Respublikasida so‘nggi 25 yil ichida birinchi marta Ebola bilan kasallanish qayd etilgan edi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti infeksiya tarqalishining oldini olish va uning profilaktikasini kuchaytirish maqsadida ushbu davlatga ekspertlar guruhi yuborilishini maʼlum qilgan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring