Koʻngillarga shodlik ulashib...

18:16 07 Aprel 2022 Jamiyat
652 0

Foto: Халқ сўзи

Andijon shahridagi “Yaxshi” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Zulfiya Shokirova kam taʼminlanganlar roʻyxatida turadi. Toʻgʻri, bu oilaga doimiy ravishda moddiy koʻmak berib kelinadi. Biroq insonning qora qozonni qaynatishdan boshqa tashvishu orzu-havaslari ham boʻladiki, baʼzan qoʻlning kaltalik qilishi uning qaddini bukadi, ruhini sindiradi.

Bunday tushkunlik Zulfiyani ham chetlab oʻtmadi. Ana shunday kunlarning birida “Mahalla” xayriya jamoat fondi Andijon viloyati boshqaruvi uning joniga oro kirdi.

— “Mahalla” fondi tashabbusi bilan oʻgʻlim Aslbekning sunnat toʻyi oʻtkazildi, — deydi ayol mamnunlik bilan. — Gap toʻy-tantanada, sarflangan xarajatda ham emas. Muhimi, seni qoʻllab-quvvatlab turadigan, ogʻir damlaringda hol soʻraydigan insonlarning borligi qalbingga malham boʻlar ekan. Oilamizga koʻrsatilgan bu gʻamxoʻrlikdan soʻng men va oilam jamiyat eʼtiborida chetda qolib ketmaganimizni yana bir bor qalban his qildik.

Birgina Zulfiya emas, balki shu kuni “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan tashkil etilgan sunnat toʻyida Aslbek singari 17 nafar toʻy bolalarning onalari ham quvonch koʻz yoshlarini yashira olishmaydi. Tashkilotchilar tomonidan toʻy bolalarga sovgʻa-salomlar ulashildi.

— Fondimiz tomonidan kam taʼminlangan, ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash ishlari keng qamrovda yoʻlga qoʻyilgan, — deydi fondning Andijon viloyati boshqaruvi xodimi Kenjavoy Shamshatov. — Misol uchun, yilning oʻtgan davrida 80 nafar hamyurtimiz xonadonida boʻlib, ularga 40 million soʻmlik oziq-ovqat mahsulotlari va kundalik ehtiyoj mollari yetkazib berildi. Bundan tashqari Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front orti faxriylari, keksa avlod vakillari, Mehribonlik hamda Muruvvat uyi tarbiyalanuvchilari, Saxovat uylarida istiqomat qilayotganlarning holidan xabar olib, zaruriy koʻmaklarni berish doimiy diqqat-eʼtiborimizda.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер