“Kommunal”chilar munosib taqdirlandi
“XALQ SOʻZI ONLINE”. Saminjon HUSANOV/Andijon. Oʻzining yangi taraqqiyot bosqichini bosayotgan respublikamizda har bir sohada katta qadamlar tashlanmoqda. Bu esa, tabiiyki, fidoyi kasb egalari zimmasidagi masʼuliyatni yana-da oshirmoqda. Ayniqsa, bugungi karantin davri hukm surayotgan bir paytda hech bir soha xodimlariga oson boʻlayotgani yoʻq. Jumladan, kommunal soha xodimlari ham har bir daqiqani gʻanimat bilib, aholiga sifatli xizmat koʻrsatishga harakat qilmoqdalar.
Ularni oʻz vaqtida ragʻbatlantirish, mehnatini eʼtirof etish esa fidoyilik xislatini yana-da oshirishga xizmat qiladi. Jumladan, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirining 2020-yil 14-aprel kungi buyrugʻiga asosan oʻzining koʻp yillik samarali mehnati hamda kommunal sohada erishgan yutuqlari uchun mukofotlangan xodimlarning bir guruhi “Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish aʼlochisi” koʻkrak-nishoni bilan taqdirlandi. “Andijon suv taʼminoti” masʼuliyati cheklangan jamiyatida ularni taqdirlash tadbiri boʻlib oʻtdi. Unda soʻz olgan Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirining oʻrinbosari Nazirjon Nazirov bugungi karantin davrida kommunal xizmat koʻrsatish sohasi xalqimizning turmush darajasini oshirish, aholining kundalik ehtiyojlarini qondirish, qulay yashash sharoitlarini yaratishda har doimgidan ham muhimroq ahamiyat qozonayotganligini aytdi.
“Har bir ishchi-xodim qaysi kasb egasi boʻlishidan, qanday lavozimda ishlashidan, qay sharoitda, vaziyatda mehnat qilishidan qatʼiy nazar zimmasiga yuklatilgan vazifani sidqidildan, sifatli ado etishi kerak. Shundagina taraqqiyot sari dadil qadam qoʻya olamiz. Bugungi eʼtirof esa meni avvalgidan ham ortiqroq mehnat qilishga undaydi”,-deydi “Andijon suv taʼminoti” MCHJ laboratoriyasi mudiri Kirichenko Rashida Rafxatovna.
Aytish joiz, Andijon viloyatida aholiga xizmat koʻrsatish sohasi har doimgiga nisbatan ikki barobarga ortgan. Birgina toza ichimlik suvi bilan taʼminlash yoʻnalishida olib borilayotgan ishlarga nazar tashlaydigan boʻlsak, soʻnggi uch yil ichida hatto 20-30 yildan buyon ichimlik suvi yetib bormayotgan hududlar ham obi hayot bilan taʼminlandi.
Mukofotlanganlarni taqdirlash marosimi karantin qoidalariga amal qilgan holda boʻlib oʻtdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring