Kombinat oltini yana shohsupada
Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga London oltin quymalari bozori assotsiatsiyasi (LBMA – London Bullion Market Association) tomonidan bozor talablariga toʻla rioya qilish borasida navbatdagi test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtganligini tasdiqlovchi sertifikat taqdim etildi.
Taʼkidlash joiz, London oltin quymalari bozori assotsiatsiyasi jahonda affinaj qilingan oltin ishlab chiqaruvchi tashkilotlar mahsuloti sifatini nazorat qiluvchi nufuzli tashkilot hisoblanadi. NKMK 1996-yildan buyon mazkur assotsiatsiyada oltin affinaj qiluvchi tashkilotlarning “Ishonchli mahsulot” ishlab chiqaruvchilar roʻyxati aʼzosi hisoblanadi. Shu asosda kombinat mahsuloti har uch yilda bir marta test sinovlaridan oʻtkazib kelinadi. Sinovlarda bu gal ham muvaffaqiyatlinatija qayd etildi.

Shu oʻrinda kombinat oltin quymalari 1998-yildan Tokio xom-ashyo birjasida (TOKOM) quyilgan talablarga toʻla javob bera olishi tufayli TOKOM sertifikatiga hamda 2017-yili Yevropa sifat tadqiqotlari jamiyatining “Mahsulot sifati muqobilligini boshqarish yoʻnalishida erishilgan muvaffaqiyatlari va mahsulot sifati nazoratini oliy darajada tashkil etish” yoʻnalishida gʻoliblikni qoʻlga kiritganligini taʼkidlash joiz.
NKMK mahsulotining xalqaro miqyosda bunday yuksak darajada eʼtirof etilishi kombinat jamoasining mamlakatimiz mustaqilligining 28 yilligiga munosib tuhfasidir, deya eʼtirof etadi NKMK Matbuot markazi.
Temur ESHBOYEV, (“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring