Koʻmak soʻrab kelgan ayol olqish oldi
Foto: Xalq so‘zi
Sirdaryo viloyati hokimining Xovos tumanidagi Mustaqillikning 25 yilligi mahallasida oʻtkazgan sayyor qabulida murojaat qilganlardan biri qaynotasining yurak xastaligini davolatish uchun yordam soʻradi. Yaʼni bemorga stent qoʻyish amaliyotiga mablagʻ zarurligini bildirdi. Ushbu murojaatni eshitgan Gʻofurjon Mirzayev qaynotasi uchun shunchalik gʻamxoʻrlik qilayotgan kelinga rahmat aytdi. Zaldan ham olqishlar eshitildi. Va, albatta, stent qoʻyish amaliyoti xarajati boʻyicha yordam beriladigan boʻldi.
Shuningdek, mahallani tabiiy gaz bilan taʼminlash boʻyicha qilingan murojaat ham ijobiy yechimini topdi. Yana tomorqalarni sugʻorish uchun tik quduqlar soni koʻpaytiriladigan boʻldi.
Eʼtiborlisi, ishtirokchilar elektr uzatish quvvatini oshirish hamda simyogʻochlarni yangilash boʻyicha koʻtarilgan masalaning ijrosini tadbirdan chiqqan zahotiyoq koʻrishdi. Gap shundaki, elektr taʼminoti tizimi xodimlari mahalladagi transformator quvvatini avvalgidan toʻrt baravar oshirish va boshqa uzatish uzluksizligini taʼminlash bilan bogʻliq ishlarni boshlab yuborishdi. Qish-qirovli kunlar yaqinlashayotgan bir pallada aholi uchun elektr taʼminotini yaxshilashning amaliy choralari koʻrilayotgani ayni muddao.
Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring