Kogonlik yigit ixcham inkubator yaratdi
Foto: Халқ сўзи
Sobiq Buxoro politexnika kasb-hunar kollejini tugatgan, Kogon tumani Sarayon mahallasida yashovchi Behruz Saidmurodov tovuq va bedana joʻjasi ochadigan ixcham inkubator yaratdi. Bu turdosh uskunalarga qaraganda arzonligi, ish jarayoni soddaligi va soatiga atigi yarim kilovatt elektr energiyasi sarflashi bilan ajralib turadi.
— Bu inkubatorda bir paytning oʻzida 1,5 mingtagacha bedana joʻjasi chiqarish mumkin, — deydi Behruz Saidmurodov. — Unda inkubator ishini nazorat qilib turuvchi avtomatik uskuna oʻrnatilgan. Mabodo, deylik, inkubatorda namlik darajasi meʼyordan past boʻlsa, uskuna ogohlantiruvchi signal beradi. Uni yaratishimda parrandachilik sohasida uzoq yillar ishlagan rahmatli bobom Saidmurod Joʻrayevdan oʻrganganlarim asqatdi. Otam ham shu soha sir-asrorlaridan yaxshi xabardor. Inkubatorda joʻja ochish va ularni sotish ortidan roʻzgʻor kamu koʻstini toʻldiryapmiz.
Sarayon mahallasida hokim yordamchisi vazifasida faoliyat yuritayotgan Nodir Jumayevning taʼkidlashicha, Kogon tumani hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Kogon tuman Xalq qabulxonasi bilan hamkorlikda Behruzga oʻxshagan tashabbuskor, yangilikka ishtiyoqmand yoshlar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanmoqda. Bu esa aholi bandligini taʼminlashda oqilona yechim boʻlyapti.
Sarayonda mahallaning oʻsish nuqtasi sifatida koʻrilayotgan parrandachilik, xizmat koʻrsatish va dehqonchilik sohalaridagi imkoniyatlar ishga solinishi evaziga joriy yilda 309 ta yangi ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring