Kogon tumanida meteorologik radiolokator oʻrnatildi

15:32 31 Mart 2022 Jamiyat
1013 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Buxoro viloyati Kogon tumanida meteorologik radiolokator (MRL) uskunasi oʻrnatish ishlari nihoyasiga yetkazildi.

Prezidentimizning 2020-yil 17-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq 2021-2023-yillar davomida “Oʻzgidromet” joylarda atmosferani masofadan va radiolokatsion zondlashning zamonaviy vositalarini joriy qilishi belgilangan. Shundan kelib chiqqan holda Buxoro viloyati hududiga meteorologik lokatorlar oʻrnatish orqali iqtisodiyotning ob-havoga bogʻliq tarmoqlari faoliyati va aholi xavfsizligini taʼminlash ayni zarurat edi.

Ushbu maqsadda Finlyandiyaning “VAISALA OyJ” kompaniyasi bilan meteorologik radiolokator uskunasini yetkazib berish, oʻrnatish va ishga tushirish boʻyicha kelishuv rasmiylashtirildi. Pirovardida uskuna 15 metr balandlikdagi metall-konstruksiya ustunga oʻrnatildi.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, meteorologik lokator 200 km radiusda mavjud va kutilayotgan ob-havo hodisalari toʻgʻrisida, jumladan, bulutlar oqimi va turi, shamol tezligi va yoʻnalishi, yogʻinlar miqdori va turi (yomgʻir, doʻl, qor) hamda uning davomiyligi, momaqaldiroq sodir boʻlgan hududlarni vizualizatsiya qilish orqali meteorologik kartalarga tushiradi. Davlat va nodavlat sektorni iqlim oʻzgarishlarini oldindan xabardor qilish imkoniyatini yaratadi. Maʼlumotlar har 10 daqiqada yangilanadi. Ular muntazam tarzda “Oʻzgidromet”ning meteorologik lokatorlar geografik axborot-tahliliy geoportaliga uzatib boriladi.

Oxirgi yillarda bu kabi juda tez hosil boʻladigan xavfli halokatli gidrometeorologik hodisalarni aniqlash hozirgi kunda turli iqlimiy modellarga ham qiyinchiliklar tugʻdirmoqda. Demak, katta masofalarni “koʻra” oladigan zamonaviy doplerli meteorologik radiolokator maʼlumotlariga ehtiyoj ortmoqda. Bu kabi bir nechta uskunalarning integratsiyalashgan mahsuli atmosferadagi faktik ob-havo jarayonlarni real vaqtda koʻrsatish imkonini beradi.

— Hozirga qadar bizda bunday texnologik uskuna yoʻq edi,— deydi Buxoro viloyat meteorologiya boshqarmasi boshligʻi Muxtor Husainov.-Umumiy qiymati 11 milliard 230 million soʻm boʻlgan mazkur loyihaning iqtisodiyot tarmoqlari, jumladan, agrar sohaga juda katta foydasi tegadi.

Kelgusida shu kabi meteolokatorlarni yagona platformaga birlashtirish natijasida respublika hududini toʻliq qamrab oluvchi yer usti meteorologik radiolokatorlar yagona tarmogʻini tashkil etish koʻzda tutilyapti. Natijada iqtisodiyotning ob-havoga bogʻliq tarmoqlari faoliyati barqarorligi va aholi xavfsizligini taʼminlashga erishiladi.

Istam IBROHIMOV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер