Klaster dalalariga ilk bor xorijdan keltirilgan chigit ekiladi
“Merganteks” masʼuliyati cheklangan jamiyati negizidagi paxta-toʻqimachilik klasteri ekin maydonlarida ilk bor Xitoy Xalq Respublikasidan keltirilgan “Zhongmian 88” paxta navi yetishtiriladi. Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanida faoliyat koʻrsatayotgan mazkur klaster tomonidan bahorda tajriba tariqasida 350 gektar yerga shunday urugʻlik chigit ekish koʻzda tutilmoqda.
— Yaqinda Xitoyda boʻlganimizda bu mamlakatning paxtachilik sohasidagi boy tajribasini oʻrgandik, — deydi klaster rahbari Ibrohim Hamroyev. — Tanlagan navimiz paxtasi 115 kunda pishib yetiladi. Xitoyda undan gektariga 60 — 90 sentnerdan hosil olinayapti. Buning ustiga ularda yerlarning shoʻrlanish darajasi biznikiga qaraganda yuqori. Shunga qaramay, dalada ketmon chopgan kishini yoki begona oʻt bosgan dalani koʻrmaysiz. Barcha yumushlar zamonaviy texnologiyalar vositasida bajariladi. Chigit plyonka ostida ekiladi. Gʻoʻzaga ishlov berishda uchuvchisiz qurilmalardan foydalaniladi. Biz oʻtgan yilda bu borada muayyan tajriba toʻpladik. Jumladan, polietin plyonka ishlab chiqarish, ekinni tomchilatib sugʻorish, yerlarni lazerli qurilmalar yordamida tekislash ishlarini yoʻlga qoʻydik.
Mutaxassislarning taʼkidlashlaricha, yerni lazerli qurilma vositasida tekislash suvni tejash imkonini beradi. Chigit plyonka ostida ekilganida harorat bir meʼyorda saqlanadi, gʻoʻzaning viltga chidamliligi oshadi, namlik uzoq muddat saqlanadi.

Aytmoqchi, paxta-toʻqimachilik klasteri texnika parkida bir emas, uchta uchuvchisiz qurilma — dronni ham koʻrish mumkin. Oʻtgan yilda ular vositasida yer tasvirini olish, lazerli maydon tekislagich agregatiga koordinatlar yuzasidan tegishli buyruqni yetkazish, ekinni sugʻorish yumushlari bajarildi. Maʼlum boʻlishicha, gʻoʻza bargini toʻkishda ham dronlar dehqonning beminnat yordamchisi boʻla oladi. Negaki, traktorlar yordamida defoliatsiya oʻtkazilsa, gʻoʻza guli toʻkilishi, bir qism koʻsaklarga ziyon yetishi ehtimoli katta. Qolaversa, uchuvchisiz qurilmadan farqli tarzda yerda namlik boʻlgandagina traktor vositasida gʻoʻzaga defoliantlarni purkash mumkin.
Dronlar ish samaradorligi ham yuqori. Ularning har biri 4 —5 daqiqada bir gektar yerdagi ekinga ishlov bera oladi. Shularni inobatga olgan paxta -toʻqimachilik klasteri Xitoydan yana bir turkum uchuvchisiz apparatlarni olib kelmoqda.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring