“Kitobxonlik haftaligi”da kutubxonalarga kitoblar sovg‘a qilinmoqda 

17:46 14 Aprel 2023 Jamiyat
1281 0

Foto: Xalq so'zi

O‘zbekiston respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 dekabr kungi “2020-2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida 2021 yildan buyon mamlakatimizda har yili aprel oyida “Kitobxonlik haftaligi” o‘tkazilib kelinmoqda.

Yaxshi an’ana tusini olgan mazkur haftalik doirasida Samarqand viloyat axborot-kutubxona markazida “Kitobsevar millat” shiori ostida qator tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
 
Bundan ko‘zlangan maqsad aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitob o‘qishni keng targ‘ib etish va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan.

- Mazkur haftalik aholi o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, yozuvchi-shoirlar bilan yaqindan muloqot qilish, asarlarning mazmun-mohiyatini tushuntirishda juda qo‘l kelmoqda, - deydi  O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Toshpo‘lat Tugalov. - Haftalik doirasida joylarda o‘tayotgan mana shunday tadbirlar davomida kitob yarmarkalarining ham tashkil etilayotgani barcha uchun foydali bo‘lyapti.

Haftalik doirasida viloyatning barcha shahar va tumanlaridagi axborot-kutubxona markazlari va umumta’lim maktablariga “Xalq so‘zi” gazetasi tahririyati tomonidan tuhfa etilgan kitoblar topshirildi.

Foto: Xalq so'zi

15 aprelga qadar davom etadigan “Kitobxonlik haftaligi” doirasida kitob ko‘rgazmalari, ko‘rik-tanlovlar, ijodkorlar bilan uchrashuvlar, yangi adabiyotlar sharhi, badiiy va musiqiy kechalar, “Sevimli kutubxonamga kitob sovg‘a qilaman” aksiyalari ham o‘tkazilyapti.

Abdulaziz Yo‘ldoshev, "Xalq so‘zi".

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер