“Kitobxonlik haftaligi” doirasida tuman kutubxonasiga qariyb 60 million soʻmlik kitob tuhfa etiladi
Xabaringiz bor, 13-17-aprel kunlari mamlakatimizning barcha hududlarida “Kitobsevar millat” shiori ostida VI Respublika “Kitobxonlik haftaligi” gi boʻlib oʻtmoqda.
Haftalik doirasida Fargʻona viloyati shahar-tumanlarida ham keng qamrovli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilib, adabiyot, sheʼriyat va kitobxonlik bayramlari oʻtkazilyapti. Yozyovon tumani axborot-kutubxona markazida boʻlib oʻtgan yuzma-yuz muloqot adabiy-badiiy dastur, yangi kitoblar taqdimoti, ijodkorlar bilan uchrashuv tarzida uyushtirildi.
— Prezidentimizning 2026-yil 15-yanvardagi “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi oʻrtasida kitob oʻqishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash boʻyicha tumanimizda koʻplab ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda, — deydi Yozyovon tumani hokimi oʻrinbosari Sheroz Mirzaliyev. — Yaqinda tuman hokimligi tashabbusi bilan markaziy kutubxonaga 50 million soʻmlik — 1100 nusxadagi badiiy adabiyotlar olib berilgan edi. Haftalik tadbirlari davomida kutubxonani turli adabiyotlar bilan yanada boyitish maqsadida qariyb 60 million soʻm mablagʻ ajratildi. Yaqin kunlarda ziyo maskaniga yangi kitoblar yetkazib beriladi.

Shu kuni yozyovonlik ijodkorlar Oʻktamxon Soliyeva, Dilshod Botirning yangi kitoblari taqdimoti ham oʻtkazilib, bayram mushoira, teatrlashtirilgan badiiy dastur koʻrinishida davom etdi. Sevimli ijodkorlar kutubxonaga oʻz kitoblaridan sovgʻa qilishdi.
Shuningdek, uchrashuvda maʼrifat ziyosini ulashishda doimo faol ishtirok etib kelayotgan Yozyovon tumani madaniyat, maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi masʼullari hamda barkamol avlod vakillariga badiiy kitoblar ulashildi.
Ayni kunlarda viloyat boʻylab bu kabi maroqli tadbirlar davom etmoqda.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring