Kitob — tafakkur kemasi
Foto: “Xalq soʻzi”
Kitob — zamonlar toʻlqinida suzuvchi, oʻzidagi maʼnolar xazinasini ajdodlardan avlodlarga avaylab yetkazuvchi tafakkur kemasidir. Ularning sahifalari hikmatlarga boy va koʻngillarda ezgu tuygʻularni uygʻotmoqqa qodir. Shu bois mamlakatimizda kitob mutolaasi targʻibotiga, ayniqsa, yoshlarda kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil etilgan “Zukko kitobxon” koʻrik-tanlovi ham ayni shu kabi ezgu maqsadlarni oʻzida jamlagani bilan ahamiyatlidir.
Mazkur koʻrik-tanlov navqiron avlodning ijtimoiy-maʼnaviy bilimlarini yanada mustahkamlash va amaliy koʻnikmalarini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash, jamiyat hayotidagi ijtimoiy faolligini oshirish, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda kitob oʻqishga qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida tashkil etildi.
Tanlovning Toshkent shahri bosqichida 10 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yigit-qizlar jamoaviy tarzda ishtirok etdi. Yakuniy natijalarga koʻra Yakkasaroy tumani birinchi, Olmazor tumani ikkinchi, Mirzo Ulugʻbek tumani esa uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Tadbir soʻnggida gʻolib va faol ishtirokchilar esdalik sovgʻalari hamda diplomlar bilan taqdirlanishdi.
Maftuna UZOQOVA, OʻzDJTU talabasi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring