Kitob bilan doʻstlashgan kishidan hargiz yomonlik chiqmagay
Foto: “Xalq soʻzi”
Buxoro shahridagi “Istiqlol” mahalla fuqarolar yigʻini hududida istiqomat qiluvchi Goʻzal Rajabova bilan suhbatlashgan kishi qarshisida oʻqimishli, bilimli, oʻz dunyoqarashiga ega ayol turganini darhol payqaydi. Asl kasbi psixolog boʻlgan bu yurtdoshimizning chindan ham fikrlash doirasi keng. Buni bir jihatdan uning badiiy kitoblarni koʻp mutolaa qilgani bilan ham izohlash mumkin.
— Yaqinda “Kitobxon oila” koʻrik-tanlovining viloyat bosqichida qatnashib, faxrli birinchi oʻrinni egallashga erishdik,— deydi u.—Bilasizmi, kitobga mehr, ilmu maʼrifatga chanqoqlik bizga otameros, desam xato qilmayman. Oilada sakkiz farzand edik. Ota–onamiz qoʻlimizda kitob koʻrgan mahal bizni boshqa yumushlar bilan chalgʻitmasdilar. Yaxshi soʻz aytib, ragʻbatlantirardilar.
Barchamiz nufuzli oliy oʻquv yurtlarida tahsil olib, hayotdan oʻz oʻrnimizni topdik. Bunda oiladagi muhitning, kitob mutolaasining ahamiyati katta deb bilaman. Shaxsiy kutubxonamizda oʻzbek va jahon adabiyoti namoyondalari qalamiga mansub 500 tacha kitob mavjud. Uch nafar farzandim bor. Ularni ham kitob, gazeta, jurnal oʻqishga qiziqtirib kam boʻlayotganimiz yoʻq.
Goʻzal opaning bu haqda alohida toʻxtalishi bejiz emas. Uning qizi, shahardagi 32–umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Malika Tohirova ham kitobga mehr qoʻygan. Bu qiz “Yosh kitobxon” tanlovining viloyat bosqichida 10–14 yosh toifasi boʻyicha qatnashib, gʻoliblar qatoridan oʻrin oldi. Tadbirning respublika bosqichida ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, faxrli ikkinchi oʻrinni egalladi. Viloyat bolalar kutubxonasining faol aʼzosi sanalgan Malika 50 million soʻm miqdoridagi pul mablagʻi bilan taqdirlandi.
— “Yosh kitobxon”—2022 respublika tanlovi yakuniga koʻra, kutubxonamiz aʼzosi, Buxoro shahridagi 30–umumtaʼlim maktabining bitiruvchi sinf oʻquvchisi Muhlisa Nasimova birinchi oʻrinni egallab, “Spark” avtomashinasi bilan taqdirlangan edi,— deydi viloyat bolalar kutubxonasi direktori Nargiza Nizomova.— Joriy yilda esa Malika Tohirova unga munosib izdosh ekanligini koʻrsatdi. Biz shunday izlanuvchan, tirishqoq, kitob oʻqishga ishtiyoqmand oʻgʻil-qizlarning maʼnaviy ehtiyojlarini qondirishdek ezgu ishga hissa qoʻshayotganimizdan mamnunmiz.
Darhaqiqat, viloyatda mamlakatimiz Prezidentining 2017-yil 13-sentyabrdagi kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilishga qaratilgan qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, oʻquvchilar oʻrtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Chunonchi, maktabgacha va maktab taʼlimi tizimi tasarrufidagi viloyat bolalar kutubxonasi mavjud 530 ta maktab kutubxonasi, 4 ta maxsus maktab – internatlari uchun uslubiy markaz vazifasini oʻtayapti. Ayni damda kutubxonaning umumiy fondi 108 509 nusxa. Shundan bosma fond 96009 nusxa, elektron koʻrinishdagi resurslar esa 12500 ni tashkil etmoqda. Jami kitobxonlar soni 23245 nafar. Kitobxon oʻquvchilarning har biriga oʻrtacha 5 donadan kitob toʻgʻri kelmoqda. Joriy yilda kutubxona fondini boyitish maqsadida mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan 80 000 000 soʻm mablagʻ ajratildi.
— Maskanimizda 22 ta kompyuter, 4 ta skaner, 6 ta printer, 5 ta nusxa koʻchirish apparati mavjud boʻlib, internet tarmogʻi orqali foydalanuvchilarga xizmat koʻrsatilmoqda, — deydi kutubxona direktori oʻrinbosari M. Akramova.— U “Elektron kutubxona” tizimiga ulangan. Hozirgi kunga qadar “Raqamli kutubxona” platformasiga joylangan adabiyotlar soni 90300 nusxaga yetdi. Bu umumiy kitob fondining 94 foizini tashkil etmoqda.
Kutubxonaning oʻz sayti bor. Unda 22800 nafar foydalanuvchi, 25180 nomda elektron kitoblar mavjud. Shuningdek, jamoat joylarida QR-kodlar yordamida elektron kitoblar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni maxsus tablolarda joylashtirish va ularni mobil qurilmalarga yuklab olish va oʻqish imkoniyatini yaratish, kutubxonada ommabop kitoblarni targʻib qilish maqsadida 1000 dan ortiq badiiy elektron va audio kitoblarning QR-kodlari yaratildi.
Oʻquvchilarning maʼnaviyatini yuksaltirish, ularning kitob mutolaasiga boʻlgan qiziqishlarini kuchaytirishda “Men gʻolibman”, “Kitob tafakkur xazinasi”, “Taʼlim -2023» kabi loyihalar muhim oʻrin tutmoqda. Viloyat miqyosida oʻtkazilgan oʻttizdan ziyod tadbirda 200 ming nafar umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari ishtirok etdi, 100 dan ortiq yosh ijodkorlarning ijodiy namunalari gazetalarda chop qilindi. Loyiha doirasida 13 ta tuman, shaharlar boʻylab umumtaʼlim muassasalarida “Kitob bizni birlashtiradi” deb nomlangan yarmarkalar tashkil etildi. Kitob yarmarkasida 150 mingdan ortiq oʻquvchi qamrab olindi, ota-onalar va ularning farzandlari tomonidan 700 million soʻmlik 40 ming nusxaga yaqin kitoblar xarid qilindi, maktab kutubxonalari fondi ham boyitildi. Yozgi taʼtil davridan ham unumli foydalanildi. Oʻquvchilarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida oromgohlarda “Kitob oqshomi” festivali oʻtkazildi. Bu kabi tadbirlar koʻplab yoshlarni kitob bilan oshno etdi, desak adashmaymiz.
— Kitob bilan doʻstlashgan kishidan hargiz yomonlik chiqmaydi,— deya mulohaza yuritadi buxorolik tarixchi olim Shodmon Hayitov.— Agar oila davrasida kitobxonlik anʼanasi yoʻlga qoʻyilsa, bu xonadon bolalari es-hushli, aqlli, bilimli, zukko, oq bilan qoraning farqiga yetadigan boʻlib voyaga yetadilar. Qayda boʻlishmasin, “Otangga rahmat” degan soʻzni eshitishadi. Bunday farzandlardan oʻsha oila sohiblari, qolaversa mahalladagilar ham gʻururlanishsa arziydi. Afsuski, ayrim xonadonlarga kirsangiz, javon tugul birorta badiiy kitobni uchratmaysiz.
Jadidlarning maʼrifatparvarlik gʻoyalari tahliliga bagʻishlangan koʻplab maqolalar yozgan olim haq. Yaqinda voyaga yetmaganlar oʻrtasidagi jinoyatchilik ahvoli oʻrganilganida nojoʻya yoʻllarga kirgan bolalar loaqal bitta boʻlsada badiiy asar oʻqimagani maʼlum boʻldi. Binobarin, kitobxonlik masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan bir mahalda baʼzi ota-onalarning loqaydligi kishini xavotirga soladi. Vaholanki, faylasuflardan biri aytganidek, kitobsiz uy – jonsiz tanadir.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring