Xorazmdagi Xitoy bilan hamkorlikdagi qoʻshma korxonada ekskavatorlar ishlab chiqarilmoqda
Urganch shahrida faoliyat koʻrsatayotgan “UzXCMG” Oʻzbekiston-Xitoy qoʻshma korxonasida hozirgi kunda 10 xil turdagi gidravlik ekskavatorlar, shuningdek, qurilish sohasi uchun va avtomobil yoʻllarini taʼmirlovchi texnika vositalari ishlab chiqarilmoqda.
Ilgari mamlakatimizda qurilish va suv xoʻjaligi tizimlari uchun oʻta zarur boʻlgan bunday texnika vositalari Xitoydan valyuta evaziga keltirilar, ehtiyot qismlar taʼminoti va servis xizmati koʻrsatishda muayyan qiyinchiliklar mavjud edi. Qoʻshma korxonaning ishga tushirilishi bunday muammolarga yechim topish barobarida, hududning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini oʻz vaqtida samarali amalga oshirish imkonini berdi. Qoʻshma korxonada shu kungacha 50 dan ortiq turdagi maxsus texnika, jumladan, zanjirli va gʻildirakli ekskavatorlar, buldozerlar, asfalt zichlovchi katoklar, yuk ortgichlar, avtogreyder, yoʻl frezasi ishlab chiqarildi. Barcha texnikalar xalqaro standartlarga javob beradi.
— Korxonamiz yiliga 300 dona maxsus texnika vositalarini ishlab chiqarish quvvatiga ega, — deydi korxona bosh direktorining ishlab chiqarish boʻyicha oʻrinbosari Xursand Yoqubov. — Korxonada faoliyati davomida bugungi kungacha umumiy hisobda 2 ming 500 dona ekskavator va boshqa texnika vositalari ishlab chiqarildi. Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan korxonamiz mahsulotlariga nafaqat ichki bozorda, qoʻshni davlatlarda ham talab katta. Mahsulotlarimizning bir qismini Qirgʻiziston va Tojikistonga eksport qilyapmiz.
— Oʻzbekistonda Xitoy sarmoyasi asosida tashkil qilingan korxonalar juda samarali faoliyat yuritmoqda, — deydi “UzXCMG” MCHJ bosh direktorining moliya-iqtisod masalalari boʻyicha oʻrinbosari Su Xai Yang. — Bizning qoʻshma korxonamizda ishlab chiqarish va eksport hajmi yildan yilga ortib bormoqda. Aminmanki, Urumchi shahrida oʻtkazilgan Oʻzbekiston – Xitoy hududlararo forumi ikki qardosh mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqadi.
Korxonada mahalliylashtirish darajasini oshirish maqsadida oʻtgan yil Xitoyning “XCMG” korporatsiyasidan qoʻshimcha uskunalar keltirilib, ekskavatorlarning yana bir nechta turdagi butlovchi qismlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Natijada mahalliylashtirish darajasi 42 foizga yetdi. Kelgusida mahalliylashtirish koʻrsatkichini tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish doirasida 51 foizdan yuqori darajaga yetkazish, mahsulot tannarxini kamaytirish, raqobatbardoshligini oshirish va qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish rejalashtirilgan.
Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring