Xorazmda kuzgi koʻchat ekish tadbirlari qizgʻin davom etmoqda
Foto: “Xalq soʻzi”
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mamlakatimizda joriy yil 25-oktyabrdan 1-dekabrgacha kuzgi koʻchat ekish tadbirlari oʻtkazilishi belgilangan boʻlib, bu borada vohada qizgʻin ish olib borilmoqda.

2023-yil kuz mavsumida viloyat hududiga ekiladigan koʻchatlar boʻyicha manzilli dastur shakllantirildi. Unga koʻra, 6 mln 156 ming tup mevali va manzarali daraxt koʻchatlarini oʻtqazish koʻzda tutilgan. Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, madaniyat va sanʼat namoyandalari, taniqli sportchilar, yoshlar ishtirokida oʻtkazilgan koʻrgazmali seminar mavsumni sifatli oʻtkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.

— Asosan viloyatimiz tuproq va iqlim sharoitiga mos gujum, katalpa, terak, toʻrongʻi, tol kabi manzarali, jiyda, behi, uzum, anor, anjir, tut kabi mevali daraxt koʻchatlarini ekyapmiz, — deydi Ekologiya, atrof -muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining Xorazm viloyat hududiy boshqarmasi boshligʻi Atabek Qlichev. — Hududlarni koʻkalamzorlashtirishda eng asosiy masala suv taʼminoti bilan bogʻliq. Ekilgan koʻchatlarni sugʻorish uchun 72 ta yangi suv quduqlari ishga tushirildi. Shuningdek, zarur joylarda tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini ham joriy etyapmiz.
Eʼtiborli jihati, koʻchat ekish tadbirlarida yetti yoshdan yetmish yoshgacha kattayu kichik barcha, shuningdek turli millat vakillari faol ishtirok etmoqda.

— Koʻchat ekish tadbirlarida viloyatimizdagi milliy madaniy markazlar ajoyib tashabbuslar bilan chiqishyapti, — deydi “Oʻzbek-Turkman” doʻstlik jamiyati raisi Davlatnazar Rajabov.— Bugungi kunda Xorazm viloyatida 30 ga yaqin millat vakillari bir oila farzandlariday ahil-inoq yashamoqda. Oʻzbekiston – barchamizning umumiy uyimiz. “Yashil makon” umummilliy loyihasida biz ham faol qatnashamiz. Jonajon Vatanimizni bogʻ-rogʻlarga burkash, atrof-muhit musaffoligini asrash har birimizning fuqarolik burchimizdir.

Viloyat hududida 34,7 gektar maydonda “Yashil bogʻlar” va 84 ta sanoat korxonalari joylashgan manzillarda 125 gektar maydonda “Yashil belbogʻlar” barpo etiladi. Yashillik olamiga burkanadigan bu maskanlar xalqimiz, voha mehmonlari tashrif buyurib dam oladigan, miriqib hordiq chiqaradigan soʻlim goʻshalarga aylanadi. Koʻchat ekish nuroniy otaxonlarning ezgu duolari bilan boshlab yuborildi.
Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring