Xonariqliklar 25 ming tonna sabzi yetishtirishni moʻljallashmoqda
Foto: “Xalq soʻzi”
Toshloq tumanining “Xonariq” mahalla fuqarolar yigʻinida 4294 nafar aholi istiqomat qiladi. Dehqonchilik mahallaning drayveri sifatida tanlangan boʻlib, mirishkor tomorqachilar sabzi yetishtirishni yaxshi oʻzlashtirganliklari sababli yil sayin undan moʻl hosil va moʻmay daromad olishmoqda.

Ayni paytda mahallada yetishtirilgan mahsulotni shu yerning oʻzida tashkil etilgan muzlatgichli omborxonalarda saqlash hamda ichki bozor ehtiyojidan ortganini qish – bahor mavsumida eksport qilish yoʻlga qoʻyilgan. Shu maqsadda joriy yilda xonariqliklar 638 gektar yerga sabzi ekib, 25 ming tonna hosil yigʻishtirib olishni rejalashtirishgan.
Oʻtgan yili hududda 22 ming tonna hosil yigʻib olinib, uning 10 ming tonnasi eksportga yoʻnaltirilgan edi. Hosilning asosiy qismi Rossiya, Qozogʻiston hamda Qirgʻiziston bozorlari hamda yirik savdo tarmoqlariga yetkazib berildi.

Xayrullo Usmonov hududdagi eng tajribali dehqonlar sirasiga kiradi. U bu yil 8 gektar yerga sabzining “Silindr” navini ekkan boʻlib, bugungi kunda hosil yigʻishtirib olinmoqda. Ayni jarayonda 50 nafardan ziyod ishsiz oila vakillari mavsumiy yumushga jalb etilgan.

— Sabzi daromadi evaziga oilaviy tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyib, 130 tonna sigʻimga ega muzlatgichli omborxona barpo etdik, — deydi X. Usmonov. — Shuningdek, xonadonimiz tomorqasida tashkil etilgan moʻjazgina issiqxonada limon yetishtiramiz. Limonchilik oilamizning qoʻshimcha daromad manbai hisoblanadi.
Bu yil oila aʼzolarimiz bilan birga oʻrtacha 30 tonna sabzi hosili olish va uning salmoqli qismini xorijga eksport qilish harakatidamiz.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring