Xivada yangi mehmonxona ish boshladi

13:10 11 Fevral 2025 Jamiyat
255 0

Odilbek ODAMBOYEV/“Xalq soʻzi”. Xorazm viloyatida turizm infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari doirasida eng noziktaʼb sayyohlarning ham didiga mos keladigan zamonaviy mehmonxonalar qurish boʻyicha qator yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Yaqinda Xiva shahri atrofidagi “Gʻovuk” koʻli boʻyida barpo etilgan “Arda Xiva” xalqaro turizm majmuasida yana bir yangi mehmonxona foydalanishga topshirildi. 276 oʻringa moʻljallangan ushbu mehmonxona 100 ta xonadan iborat, xalqaro standartlarga toʻla javob beradi. Mehmonxona tarkibida 180 oʻrinli restoran ham faoliyat koʻrsatadi. Mazkur loyiha uchun 110 milliard soʻm miqdorida sarmoya kiritilgan boʻlib, 200 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

— Oʻzbekistonda 2018-yildan buyon turizm sohasida hamkorlikda bir qator loyihalarni amalga oshirib kelyapmiz, — deydi turkiyalik tadbirkor Ugʻur Joʻshqin. — Toshkent, Samarqand, Buxoro shaharlarida mehmonxonalar qurilishida ishtirok etdik. Xivada hamkorlarimiz bilan birgalikda barpo etilgan ushbu mehmonxona oʻziga xos milliy dizayni va qulayliklari bilan ajralib turadi. Xivaga kelayotgan sayyohlar oqimi yildan-yilga ortib bormoqda. Bu esa shaharda mehmonxona xoʻjaligi eng daromadli biznesga aylanishidan darak beradi.

— Oʻzbekistonga ikkinchi bor kelishim, — deydi rossiyalik sayyoh Lyudmila Klyusko. — Bu moʻjizakor oʻlkaga bundan 30-yil muqaddam sayohat qilgan edim. Oʻtgan davr mobaynida yuz bergan oʻzgarishlarni koʻrib hayratga tushdim. Xivada yangi ochilgan mehmonxonaning ilk mehmoni boʻlganimizdan juda xursandmiz. Ochigʻi, har bir sayyohning orzusidagi goʻzal qoʻnalgʻa boʻlibdi.

Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, “Arda Xiva” xalqaro turizm majmuasida mazkur mehmonxonadan tashqari yana 800 oʻrinli 4 ta mehmonxona va 13 ta mehmon uylari barpo etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер