Xiva shahrida matbuot kotiblari uchun strategik kommunikatsiya va axborot olish huquqiga bagʻishlangan xalqaro seminar oʻtkazildi
Xiva shahrida YUNESKO hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi hamkorligida mahalliy hokimliklar va davlat tashkilotlari matbuot kotiblari uchun ikki kunlik oʻquv-seminar trening oʻtkazildi. Axborot olish huquqi va strategik kommunikatsiya masalalariga bagʻishlangan mazkur trening matbuot kotiblarining kasbiy bilim va koʻnikmalarini oshirishga qaratildi.
— Seminar jarayonida fuqarolarning axborot olish huquqini taʼminlash, davlat idoralari faoliyatida shaffoflik va ochiqlik madaniyatini yuksaltirish masalalariga asosiy eʼtibor qaratildi, — deydi YUNESKOning xalqaro eksperti, professor Joan Barata. — Shuningdek, strategik kommunikatsiyada sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish, raqamli xavfsizlikni taʼminlash hamda zamonaviy axborot xatarlariga qarshi kurashish boʻyicha atroflicha fikr almashildi.
Taʼkidlash joizki, ushbu oʻquv-seminar Oʻzbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida jamoatchilikning axborotdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, davlat idoralari va jamoatchilik oʻrtasida samarali muloqotni yoʻlga qoʻyish hamda institutsional salohiyatni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Odilbek ODAMBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring