Xitoylik hamkorlar bilan Sirdaryoda biotexnologik klaster tashkil etish boʻyicha muzokaralar oʻtkazildi
Sirdaryo viloyati hokimligi “Qabullar uyi”da Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov va viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev ayni kunlarda yurtimizda boʻlib turgan Xitoyda inson genomi boʻyicha tadqiqotlar bilan shugʻullanuvchi “BGI Group” kompaniyasi raisi Van Jian va uning jamoasi bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Yigʻilishda Sirdaryo viloyatini innovatsion hududga aylantirish boʻyicha qilinishi lozim boʻlgan ishlar muhokama qilindi. Mazkur innovatsion hududda Xitoy tajribasi asosida yagona biotexnologiyalarni oʻzida mujassam qilgan biotexnologik klaster yaratilishi, universitet tashkil qilinishi nazarda tutilgan. Guliston davlat universitetida soʻnggi yillarda shakllangan biotexnologiyalar laboratoriyalari va olimlar jamoasi hamda Xitoy professorlarining hamkorligi natijasida Markaziy Osiyoda yagona biotexnologik xabning yaratilishi mintaqamiz uchun dolzarb yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarilishiga zamin yaratadi.
Professor Van Jian samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirdi va Sirdaryoga tashkil etilgan ushbu tashrif delegatsiya aʼzolarida katta taassurot qoldirayotganini alohida qayd etdi.
– Klaster tarkibida genomlarni oʻrganadigan Pekin genom tadqiqotlar markazi bilan inson genomlarini, hayvon va oʻsimliklar genomini oʻqiydigan Pekin universiteti laboratoriya nusxasini Sirdaryoda tashkil etamiz, – dedi BGI Group raisi, professor Van Jian. – Bu yerda genomlarni oʻqib, turli tadqiqotlar oʻtkaziladi, yangi vaksinalar va yangi davolovchi uslublar yaratiladi.
Xitoy biotexnologiya sohasi rivoji boʻyicha soʻnggi besh yilda AQSHdan keyin dunyoda ikkinchi oʻrinni egallab kelayotgani, bu sohada Oʻzbekiston bilan hamkorlikka alohida eʼtibor qarayotgani respublikamizda biotexnologiya sohasining rivojlanishida tub burilish yasalishi kutilmoqda.
Muzokaralar natijasida tomonlar samarali va konstruktiv hamkorlikning amaliy jihatlarini kelishib olishdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring