Xitoy va AQSH oʻrtasidagi toʻqnashuv dunyo uchun falokatli boʻladi — Si Szinpin
Foto: Sinxua
Xitoy rahbari Si Szinpin Xitoy va AQSH oʻrtasidagi toʻqnashuvni dunyo uchun falokat deb atadi.
Xitoy Markaziy televideniyesi xabariga koʻra, u bu fikrlarni AQSH prezidenti Jo Bayden bilan telefon orqali suhbat paytida aytib oʻtgan.
“Xitoy va AQSH qarama-qarshiligi ikki mamlakat va butun dunyo uchun falokatdir”, degan muloqot davomida Si Szinpin.
Shuningdek, Szinpin Xitoy — AQSH hamkorligi, aksincha, mamlakatlarning oʻzlari uchun ham, boshqa barcha davlatlar uchun ham foydali boʻlishini va bu yagona toʻgʻri tanlov ekanini taʼkidlagan.
Si Szinpin, shuningdek, Osiyo-Tinch okeani mintaqasida tinchlik va barqarorlikni taʼminlash uchun mamlakatlar birgalikda harakat qilishi kerakligini qayd etgan.
“Xalqaro vaziyatdagi mutlaq noaniqlik boʻlgan hozirgi sharoitda Xitoy va AQSH BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy aʼzolari sifatida alohida masʼuliyatni oʻz zimmalariga oladilar”, deya qoʻshimcha qilgan Xitoy rahbari.
Avvalroq Oq uy Jo Bayden va Si Szinpinning telefon orqali suhbati haqida xabar bergan edi. Unga koʻra, ikki mamlakat rahbarlari koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish, global sogʻliqni saqlash, iqlim oʻzgarishi va qurol-yarogʻ tarqalishi kabi umumiy muammolar toʻgʻrisida fikr almashgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring