Xitoy TIV: Afgʻoniston va Pokiston nizoni deeskalatsiya qilishga kelishib oldi
Afgʻoniston va Pokiston Xitoyning Urumchi shahrida XXR vositachiligida oʻtkazilgan norasmiy maslahatlashuvlar yakunida kelishmovchiliklarni tezroq hal etish zarurligi boʻyicha konsensusga erishdilar va keskinlikni oshiruvchi qadamlardan tiyilish majburiyatini oldilar. Bu haqda Xitoy TIV vakili Mao Nin maʼlum qildi, uning soʻzlaridan TASS iqtibos keltirmoqda.
“1-apreldan 7-aprelgacha Xitoy, Afgʻoniston va Pokiston vakillari Urumchida bir qator norasmiy uchrashuvlar oʻtkazdilar. Tomonlar kelishmovchiliklarni muloqot va maslahatlashuvlar orqali hal qilish istagini tasdiqladilar, shuningdek, vaziyatni chigallashtiradigan harakatlardan voz kechishga vaʼda berdilar”, — dedi u.
Mao Ninning soʻzlariga koʻra, muzokaralarda diplomatik idoralar, mudofaa tuzilmalari va xavfsizlik organlari vakillaridan iborat idoralararo delegatsiyalar ishtirok etgan. Ishtirokchilar muloqotni toʻplanib qolgan muammolarni hal qilishning yagona real yoʻli deb tan oldilar.
Delegatsiyalar Afgʻoniston—Pokiston munosabatlarini har tomonlama tartibga solish yoʻllarini muhokama qildilar va ustuvor ravishda hal qilinishi lozim boʻlgan asosiy muammolarni belgilab oldilar.
Qayd etilishicha, Xitoy muloqot uchun maydon taqdim etishda davom etadi va mintaqada amaliy hamkorlikni mustahkamlashga koʻmaklashadi.
Eslatib oʻtamiz, 26-fevral kuni Pokiston va Afgʻoniston chegarasida janglar qayta boshlangan edi. Kobul Pokistonning Afgʻoniston hududiga bergan aviazarbalariga javoban harbiy operatsiya oʻtkazayotganini bildirgandi. Pokiston Mudofaa vaziri Xavaja Asif esa uning mamlakati va Afgʻonistondagi Tolibon hukumati ochiq qurolli toʻqnashuv holatida ekanini maʼlum qilgan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring