Xitoy samoga sunʼiy Oy uchirmoqchi

Xitoy 2020 yilda samoga sunʼiy Oy – nur qaytargichlari bor yoʻldoshni uchirishga tayyorlanmoqda. Ushbu qurilma shaharlarni tungi yoritishda yordam berishi kerak, deya intervyu berdi Tian Fu yangi ilmiy sohalar uyushmasi rahbari U Chunfen China Daily gazetasiga.
Agar 2020 yilgi birinchi uchirish muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, 2022 yilga kelib orbitaga yana uchta shunday obyekt chiqariladi.
“Birinchi shu kabi yoʻldosh asosan tajribaviy boʻladi, lekin 2022 yilda uchirilishi mumkin boʻlgan keyingi uchta “Oy” esa yetarli darajada katta tijoriy salohiyat kasb etadi”, - dedi U Chunfen.
Sunʼiy Oy xuddi tabiiysi kabi quyosh nurini qaytaruvchi maxsus qoplamaga ega boʻladi. U tunlari Oy nuriga qoʻshimcha tarzda uni toʻldiradi. Boz ustiga, mazkur qurilma haqiqiy Oyga nisbatan sakkiz marta yorqinroq yoritib beradi.
Olimning soʻzlariga koʻra, bunday natijaga sunʼiy yoʻldoshni Yerdan 500 kilometr balandlikka “oʻrnatish” hisobiga erishiladi. Tabiiy Oy esa sayyoramizdan 384 ming kilometr uzoqlikda joylashgan.
Shunga qaramay, u tungi osmonni butunlay yoritib bera olmaydi. Odam uchun u koʻcha chiroqlaridan besh barobar xiraroq koʻrinadi.
Qaytargichlar orqali yorugʻlik nurlari joylashuvi va yorqinligini nazorat qilish mumkin. Bulutli kunlarda sunʼiy Oyning yorugʻligi xuddi tabiiysi kabi Yer yuzasiga yetib kelishi qiyin boʻladi.
Umuman olganda, mazkur qurilma bir qator shahar tumanlarida tungi yoritishda qoʻl kelib, energiyani tejashga xizmat qilishi mumkinligi aytilyapti. Masalan, Chendu shahri, agar sunʼiy yoʻldosh 50 kvadrat kilometr maydonni yorita olsa, shu usul bilan yiliga 1,2 milliard yuan(174 mln. dollar)lik elektr energiyasini iqtisod qilib qoladi. Bundan tashqari, uning yordamida tabiiy ofatlar oqibatida elektr energiyasi uzilib qolgan hududlarni yoritish, shu orqali qidiruv-qutqaruv ishlariga yordam berish ham mumkin.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring