Xitoy Germaniya samolyotiga lazer yordamida hujum qildi

10:44 09 Iyul 2025 Dunyo
262 0

Illyustrativ foto

Xitoy Germaniya samolyotiga lazer yordamida hujum qildi. Germaniya tashqi ishlar vazirligi Xitoy elchisini Yaqin Sharqda yuz bergan ushbu voqea munosabati bilan chaqirtirgan. Maʼlum qilinishicha, Yaqin Sharqda nemis harbiylari 2024-yildan beri Yevropa Ittifoqining missiyasida ishtirok etib kelmoqda. Amaliyotdan maqsad Qizil dengiz, Adan koʻrfazi, Arab dengizi, Oʻmon va Fors koʻrfazlarida navigatsiya erkinligini taʼminlashdan iborat. Nemis samolyotlari havo hududini kuzatish uchun muntazam razvedka parvozlarini amalga oshiradi.

“Xitoy harbiylari Yevropa Ittifoqining operatsiyasida ishtirok etgan nemis samolyotini lazer bilan nishonga oldi. Germaniya xodimlariga tahdid va operatsiyaning toʻxtatilishi mutlaqo qabul qilinishi mumkin emas. Shu munosabat bilan bugun Xitoy elchisi Germaniya tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi”, deyiladi Germaniya tashqi ishlar vazirligi xabarida.

“Bild” nashrining xavfsizlik xizmatlaridagi manbalariga koʻra, bu Xitoy harbiylarining birinchi bunday hujumi emas. Ular uchuvchilarni koʻrish imkoniyatlarini cheklash va elektronikani buzish uchun Gʻarb samolyotlariga qarshi lazerlardan bir necha marta foydalanganlar. Xususan, 2018-yilda AQSH samolyotlari Jibutidagi Xitoy harbiy bazasidan lazer yordamida hujumga uchragan. AQSH bunda rasman Xitoyni aybladi, biroq Pekin bu ayblovlarni rad etdi.

“Bild” maʼlumotlariga koʻra, Germaniya tashqi ishlar vazirligi Xitoy elchisi Den Xunboga “Xitoyning xatti-harakatlarini mutlaqo qabul qilib boʻlmasligini va Germaniya nemis askarlari xavf ostida qolishiga yoʻl qoʻymasligini” aniq aytgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер