Xalqimiz kutgan muhim hujjat

22:54 09 Iyun 2021 Iqtisodiyot
736 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni, ochigʻini aytganda, yerdan foydalanish bilan bogʻliq manzarani keskin oʻzgartiradigan, hozirgi ayanchli vaziyatni izga soladigan hujjatdir.

Farmon matni bilan toʻliq tanishib chiqib, u keyingi yillarda qabul qilingan eng muhim, inqilobiy hujjatlardan biri ekanini koʻrish mumkin. Endilikda, yer oldi-sotdisi, davlat va xususiy sektorning bu jarayondagi ishtirokida, qandaydir koʻzga koʻrinmas richaglar emas, ochiq bozor iqtisodiyoti richaglari ishlaydi.

Sir emaski, ochiqlik siyosati taʼsirida, keyingi yillarda jamiyat uygʻondi. Jamoatchilik nazoratining institutlari faollashdi, xalq oʻz mulkini asrab-avaylash, ogʻriqli nuqtalar haqida erkin fikr bildirish imkoniga ega boʻldi. Davlat rahbarining bu farmoni ham oʻsha ochiqlik siyosati, xalq bilan muloqot jarayonining mevasi, deyish mumkin.

Hokimiyat tizimida maʼlum vaqt masʼul vazifada ishlagan odam sifatida, hujjatning real hayotiy ahamiyatini, qayerda va qanday tartibda korrupsion holatlarning oldi olinayotganini yaxshi tushunaman. Masalan, mahalliy davlat hokimiyati organlarining sugʻoriladigan yerlarni sugʻorilmaydigan yerlar toifasiga yoki boshqa yer toifasiga, sugʻorilmaydigan qishloq xoʻjaligi yerlarini boshqa yer toifasiga oʻtkazishga oid hujjat qabul qilish huquqi bekor qilinishi ortida qanday “oʻyin”larga barham berilayotganini tushunish uchun amaliyotga bir nazar tashlashning oʻzi kifoya. Shunday joylar borki, tuman hokimining qarori bilan hujjatda sugʻorilmaydigan yerlar toifasiga oʻtkazilgan, amalda esa yashnab yotgan dala, suvli maydon... Endilikda bunday koʻzboʻyamachilik va davlatni aldash, xoʻjasizlikka barham berilyapti.

Umuman, farmonning mazmun-mohiyati yer qonunchiligi sohasida tubdan yangi davr boshlanayotganini anglatadi. Masalan, yerni bozor aktiviga aylantirish natijasida, mulkdorda yuzaga kelayotgan huquqlar alohida mavzu. Endilikda hatto ijaraga olingan yerdan foydalanish davri ham qiymat sifatida eʼtirof etiladi va u, deylik, bank krediti olishda garov sifatida hisobga oʻtishi mumkin.

Oʻz navbatida, davlatimiz rahbarining mazkur hayotbaxsh farmoni biz Qonunchilik palatasi deputatlari uchun ham, qonun ijodkorligi sohasida, yangi ufqlarni koʻrsatmoqda. Endilikda, yer munosabatlariga doir milliy qonunchilik bazasi xalqimiz, kelajak avlod manfaatlari nuqtayi nazaridan qayta koʻrib chiqiladi va baho beriladi.

Farmonda koʻrsatib oʻtilganidek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan yer toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini qoʻllashda vujudga kelayotgan muammolarni aniqlash, ularni bartaraf etish, shu jumladan, qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqiladi. Loyiha Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi va uni muhokama qilib, xalqimizga manzur boʻladigan tugal hujjat sifatida qabul qilish ishlari oldimizda turgan eng muhim vazifadir.

Odiljon TOJIYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер