Xalqaro kuzatuvchilar Qashqadaryoda

11:55 13 Dekabr 2019 Jamiyat
1177 0

Parlament saylovi munosabati bilan ushbu siyosiy tadbirga tayyorgarlikning borishi bilan tanishish maqsadida viloyatga xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilari tashrif buyurishmoqda. Ularga saylov uchastkalarida boʻlib, tayyorgarlik jarayonlarini bevosita kuzatishlari uchun toʻliq imkoniyatlar yaratib berildi. Xalqaro kuzatuvchilar bilan oʻtkazilgan muloqot jarayonlarida ular bu haqdagi uz fikrlarini bildirdilar.

Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi kuzatuvchilar missiyasi aʼzosi – MDH Ijroiya qoʻmitasi maslahatchisi Oleg Kuleba Qashqadaryo viloyat saylov komissiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazuvchi 125-Qarshi okrug saylov komissiyasida boʻlib, joriy yilning 22-dekabr kuni boʻlib oʻtadigan Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga saylovlarga tayyorgarlik ishlarini koʻzdan kechirdi.

- Avval ham Oʻzbekistonda oʻtkazilgan saylovlarda kuzatuvchi sifatida qatnashganman, - dedi MDH Ijroiya qoʻmitasi maslahatchisi Oleg Kuleba – Mamlakatingizda Saylov kodeksi qabul qilinishi saylov jarayonlarida nimani oʻzgartirgani, bu galgi saylovlarning avvalgilaridan farqli jihatlari koʻpchilikni shu jumladan bizni ham qiziqtiradi.

Xalqaro kuzatuvchi Xalqaro matbuot markazi Qashqadaryo viloyati boʻlimida jurnalistlar uchun yaratilgan sharoitlar va bu yerdagi tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Qashqadaryo viloyat hududiy boshqarmasidan maʼlum qilishlaricha, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining uzoq muddatli kuzatuvchilari Mark Valler va Eliska Flidrova Qashqadaryo viloyati teleradiokompaniyasida siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Kuzatuvchilar bu boradagi oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. 

Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar saylovlarida ishtirok etayotgan partiyalar va deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti uchun viloyat saylov komissiyasi qaroriga koʻra, 2019-yilning 18-noyabridan boshlab televideniye va radioda har kuni bittadan siyosiy partiya uchun 30 daqiqadan bepul efir vaqti ajratilgan. Har haftaning belgilangan kunida tegishli siyosiy partiyalarning chiqishlar tashkil qilinmoqda. Ularga teleradiokompaniya tomonidan zarur barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan. Bepul ajratilgan efir vaqtidan foydalanish turlari, shakllari va usullarini siyosiy partiyalar mustaqil belgilamoqda. Partiyalar oʻrtasidagi bir soatlik debatni efirga uzatish uchun har bir partiya vakillariga belgilangan reglamentga muvofiq teng vaqt ajratilmoqda.

Mehmonlar televideniye va radioda haq evaziga efir vaqti ajratilishi yuzasidan belgilangan mezonlar, bu galgi saylovlar targʻibotining avvalgilaridan farqli jihatlari, saylovga oid koʻrsatuvlarni aholining qancha qismi kuzatib borayotgani bilan ham qiziqdilar. Xalqaro kuzatuvchilar bilan uchrashuvda taʼkidlanishicha, Oʻzbekistonga Parlament saylovlarini kuzatish uchun Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining 250 nafar qisqa muddatli kuzatuvchilari kelishi kutilmoqda, ularning 22 nafari Qashqadaryoda boʻlishadi.

A. Muhammadiyev. Xalq soʻzi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер