Xalqaro islom akademiyasi bilan anglashuv memorandumi imzolandi
Mamlakatimiz Prezidentining Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida Respublikamizning har bir hududiga yilning toʻrt mavsumida turistlarni jalb qilish uchun salohiyat mavjud ekanligi qayd etilib, buning uchun turizm maskanlari imkoniyatidan toʻlaligicha foydalanish zarurligi vazifa qilib qoʻyilgandi.
Joriy yilning 31-oktabr kuni Turizm qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Xalqaro islom akademiyasi oʻrtasida turizmni rivojlantirish, jumladan ziyorat turizmi yoʻnalishini yangi bosqichga koʻtarish borasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Unga koʻra, ziyorat turizmi sohasida kadrlar tayyorlash, bu yoʻnalishda xorijiy ekspertlar bilan uzviy munosabatlarni yoʻlga qoʻyish, ilmiy va maʼrifiy loyihalarni amalga oshirish, Qoʻmita mutaxassislari bilan birgalikda Akademiya talabalari ishtirokida ziyoratgohlar va turizm yoʻnalishlari boʻyicha qoʻllanma hamda xaritalar ishlab chiqish boʻyicha qator loyihalar amalga oshiriladi.
Shuningdek, hamkorlik asosida xalqaro elektron resurslar manbalari kontentini boyitish va ziyorat turizm yoʻnalishida baza yaratishga kelishib olindi.
Uchrashuv chogʻida Xalqaro islom akademiyasi tomonidan Oʻzbekistondagi 500 ga yaqin ziyoratgohlar toʻgʻrisidagi toʻplam nashr etilganligi maʼlum qilinib, Turizm qoʻmitasi tomonidan ushbu toʻplam turizm sohasidagi tadbirkorlik subyektlari orasida targʻib qilinishida amaliy yordam berishga kelishildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring