Xalqaro gullar festivali qizgʻin davom etmoqda

12:30 25 May 2022 Jamiyat
1013 0

Foto: Халқ сўзи

Bugun Namanganning barcha yoʻllari viloyat markazida koʻrk bagʻishlab turgan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi bilan tutashganday. Olam goʻzalligini mujassam etgan maskan, mana bir necha kundirki, millionlab nafosat shaydolarini gul va chechaklar ifori, koʻzni quvnatadigan ajib manzaralardan bahramand qilmoqda. Har qachongidan jozibali oʻtayotgan anʼanaviy Xalqaro gullar festivali qizgʻin davom etmoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, bogʻdagi sayil tomoshalariga har kuni bir millionga yaqin kishi tashrif buyurayotir. Ular orasida qoʻshni respublikalar, mamlakatimiz viloyatlaridan kelgan gul ishqibozlari qatorida uzoq oʻlkalardan kelgan xorijliklar ham bor. Aniqrogʻi, anjuman boshlanganidan buyon jahonning turli mamlakatlaridan kelgan sayyohlar soni oʻn ming kishiga yaqinlashdi.

— Bizda ham bayramlar koʻp, lekin, bunaqasini birinchi bor koʻrishim, — deydi hindistonlik sayyoh Sviti Dingri. — Festival ochilishi chogʻida namoyish etilgan jonli gullar bilan bezatilgan avtomashinalar karvonidan hayratga tushdik.

Sviti xonim Nyu-Dehli shahrida istiqomat qiladi. Yoshi ellikka yaqinlashgan bu ayol birinchi marta chet el safariga chiqqani, Namangan taassurotlari, ayniqsa, xalqimizning ochiq yuz va mehmondoʻstligi haqida toʻlib-toshib soʻzladi. Bayram tadbirlari doirasida tashkil etilgan Hindiston kechasida AQSH, Buyuk Britaniya, Janubiy Afrika Respublikasi, Italiya, Ispaniya Tojikiston va boshqa qirqqa yaqin mamlakatlardan mingga yaqin mehmon ishtirok etdi.

Xalqaro festival tantana va tadbirlarini jahonning turli davlatlaridan kelgan 60 ga yaqin OAV, televideniye, ijtimoiy tarmoq vakillari toʻgʻridan-toʻgʻri yoritishmoqda.

— Namangan dunyoni lol qoldirdi, — deydi “Jumhuriyat” gazetasi muxbiri Asror Ahrorov (Tojikiston). — Bunday goʻzallikni jahonning hech bir nuqtasida topa olmaysiz.

Anjuman tashkilotchilari oʻn besh kun davom etadigan festival dasturi rang-barang boʻlishi alohida tadbirlar belgilashgan. “Afsonalar vodiysi” tematik parkida oʻtgan modalar haftaligi, Oʻzbekiston Milliy simfonik orkestrining jonli ijrodagi konserti namanganliklar va mehmonlarga gʻoyatda manzur boʻldi.

Namangan viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi tomonidan festival mehmonlari uchun Sulton Uvays Qaroniy majmuasi, Axsikent ochiq osmon ostidagi muzeyi, Chustdagi Mavlono Lutfulloh bogʻi singari oʻndan ortiq tarixiy yodgorlik va ziyoratgohlarga sayohat rejalashtirilgan.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер