Xalqaro aeroportda shampun ichiga yashirilgan dori vositalari aniqlandi
Foto: Videodan kadr
Toshkent xalqaro aeroportida Hindistonning Dehli shahridan uchib kelgan yoʻlovchi 319 dona flakon va ampula koʻrinishidagi 2 turdagi dori vositalari va 19 dona tish plombalarini shampun qutilari ichiga yashirgancha olib kirmoqchi boʻlgan vaqtida toʻxtatib qolindi. Bu haqda “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, fuqaroning yoʻl sumkasi tekshirilganda, soch yuvish vositasiga yashirilgan, belgilangan tartibda bojxona nazoratiga taqdim etilmagan, ogʻzaki soʻrovda aytilmagan, hech qanday hujjatlarga ega boʻlmagan dori vositalari borligi aniqlangan.
Fuqaro shisha idishda jami 199 dona “Eutrig” hamda ampula koʻrinishidagi 120 dona “Sodium Chloride Injection IP” nomli dori vositalari, shuningdek, 19 dona stomatologiya uchun sement (plomba)ni yashirib olib oʻtmoqchi boʻlgan.
Qayd etilishicha, ularning taxminiy qiymati 30 million soʻmni tashkil etmoqda. Hozirda bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring